15:18 / 17.04.2020
9283

Toshkentda yo‘lovchilarni avtomobilda tashish faoliyati uchun litsenziya varaqalari berish 5 maygacha to‘xtatildi

Ayni kunda Toshkent shahrida yo‘lovchilarni yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun litsenziyalangan avtomobillar soni 11 792taga yetdi

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar Transport boshqarmasi tomonidan 2020 yilning 15 aprelidan 5 mayiga qadar Toshkent shahrida yo‘lovchilarni shaharda yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun litsenziya varaqalari berish vaqtincha to‘xtatildi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, yo‘lovchilarni yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun karantin muddatiga cheklov e'lon qilinganligini inobatga olib amalga oshirildi. 

Maxsus komissiya qaroriga asosan, aholiga qulaylik yaratish maqsadida yuqoridagi litsenziya varaqalariga ega bo‘lgan avtotransport vositalari faqatgina yo‘lovchilarsiz, yetkazib berish xizmati (kurer, dostavka, keytering) bilan shug‘ullanishi belgilandi. Ular tomonidan faqatgina oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum vositalari, shuningdek birinchi navbatda zarur mahsulotlar tashiladi. Bundan tashqari holatlarda ya'ni, yo‘lovchi tashish yoki fuqarolar bilan bog‘liq boshqa faoliyatlar bilan shug‘ullangan taqdirda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qat'iy choralar ko‘riladi. 

Ta'kidlanishicha, ayni kunda Toshkent shahrida yo‘lovchilarni yengil avtomobillarda tashish faoliyati uchun litsenziyalangan avtomobillar soni 11 792taga yetdi. 

“Hurmatli tadbirkorlar, o‘zimiz va atrofimizdagilarning sog‘ligini saqlash uchun belgilangan tartib qoidalar hamda cheklovlarga qat'iy amal qilaylik”, - deyiladi xabarda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top