13:21 / 18.04.2020
3515

Davlat xaridlarida strategik xaridorlar uchun nimalar o‘zgardi?

Xo‘jalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalar amalga oshiradigan xarid shartlariga tuzatishlar kiritildi

Bunda ilgari alohida ro‘yxatga kiritilgan 24 ta yirik kompaniya haqida so‘z bormoqda, deb yozadi Norma.
 
Birinchidan, ularning Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi bilan o‘zaro munosabatlari o‘zgardi:

a) tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridiga bo‘lgan texnik topshiriqlar qismida ular qolgan sub'yektlar bilan tenglashtirilib, endi qiymati BHMning 5 000 baravaridan (1 mlrd 115 mln so‘m) oshganda hujjatlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etishlari shart. Ilgari ular uchun narx chegarasi ekv. $50 mingni (506 050 ming so‘m) tashkil etardi; 

b) kontraktlar qismida – ilgari ular barcha, shu jumladan import kontraktlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etishlari kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozir faqat import kontraktlar va ularga qo‘shimcha kelishuvlarni taqdim etishlari lozim. Narx mezoni ekv. $50 mingdan BHMning 40 000 baravarigacha (8 mlrd 920 mln so‘m) o‘zgartirildi. Bundan tashqari, endi ushbu talab to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida tuzilgan kontraktlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
 
Ikkinchidan, davlat va strategik buyurtmachining ishlab chiqarish faoliyatida foydalanish uchun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) intellektual faoliyat natijalari muallifidan yoki ulardan mutlaq foydalanish huquqiga ega yetkazib beruvchidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilishga ruxsat berildi. Boshqa yetkazib beruvchi tomonidan mahsulot yetkazib berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda litsenziya bitimiga (shartnomasiga, kontraktiga) asosan bunga yo‘l qo‘yiladi. Intellektual faoliyat natijalarini (fan, adabiyot va san'at asarlari, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari) ushbu obektlarga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo‘lgan yagona shaxsdan xarid qilish chog‘ida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilishi mumkin.
 
Uchinchidan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab strategik xaridorlar xarid oldidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan maxsus veb-portalda e'lon joylashtirishlari shart ekanligidan xabardormiz. Unda xarid komissiyasi tomonidan takliflarni qabul qilishning so‘nggi muddati ko‘rsatiladi. Ilgari u kamida 15 kunni tashkil etgan bo‘lsa, endilikda kamida 10 kunni tashkil etadi.    

Hujjat 16.04.2020 yildan kuchga kirgan.

Top