16:45 / 18.04.2020
4670

DSQ: elektron ishonchnoma qog‘ozdagi bilan teng qonuniy kuchga ega

“Tijoriy hamkorlarimiz xaridorga pul o‘tkazish yo‘li bilan mahsulot sotilsa, mahsulotni olish uchun faqat qog‘oz ko‘rinishidagi ishonchnoma bilan kelish kerak deyishyapti. Qoida bo‘yicha xaridor o‘z istagiga ko‘ra elektron yoki qog‘oz shakldagi ishonchnoma bilan ishlashi mumkin emasmi?”

18 aprel kuni Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Muzaffar Nazarov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shu savolga javob berildi.

Qo‘mita vakiliga ko‘ra, hisobvaraq-fakturalar uchun ishonchnomalarning elektron va qog‘oz shakli bir xil yuridik kuchga ega. Elektron ishonchnomaning qonuniyligi bo‘yicha shubhaga o‘rin yo‘q.

“Vazirlar Mahkamasining “O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan respublika hududida barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish tizimi joriy etilgan. Joriy yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 47-moddasiga muvofiq, hisobvaraq-faktura, qoida tariqasida, elektron hisobvaraq-fakturalarning (EHF) axborot tizimida elektron shaklda rasmiylashtirilishi belgilangan.

Ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda elektron tarzda yuborilgan ishonchnomaning qonuniyligi borasida turli tushunmovchilik  va xavotir bildirishmoqda. “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi va “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi qonunlarda elektron raqamli imzo bilan qo‘lda o‘zi qo‘ygan imzoning bir xil ahamiyatga egaligi va u bilan bir xil yuridik kuchga egaligi belgilab qo‘yilgan. EHF kabi elektron ishonchnomalar ham sinovdan o‘tkazilgan va to‘laqonli huquqiy asosga ega bo‘lib, ularning qonuniyligi borasidagi xavotirlar mutlaqo o‘rinsiz”, deya Muzaffar Nazarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top