08:23 / 18.04.2020
6773

Firibgarlar Telegram’da taniqli brendlar nomidan ochilgan soxta kanallar vositasida odamlarni aldamoqda - «O‘zkomnazorat»

«O‘zkomnazorat» fuqarolardan yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni, karta raqamini, telefon raqamini, o‘zgalarning kontaktlarini turli guruhlarga yubormaslikni so‘ragan

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda ko‘pchilik Telegram messenjeri orqali muloqot qiladi va u yerdagi kanallardan axborot oladi, Internet do‘konlardan turli buyumlar buyurtma qiladi, to‘lovlarni amalga oshirish ham ushbu messenjer vositasida amalga oshirib kelinmoqda.

Koronavirus pandemiyasi sabab «o‘zni yakkalash», uyda o‘tirish, karantin tartibiga rioya qilish talab qilinayotgan bir sharoitda Telegram’da turli guruhlar ochib, u yerda odamlarni aldab, elektron mablag‘lari, telefon raqamlari haqida ma'lumotlarni to‘playotgan firibgarlar ko‘paygan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi.

Bildirilishicha, jinoyatchilar guruh tashkil qilib, foydalanuvchilardan u yerga 50 odamni qo‘shganga 500 ming, 100 taga 800 ming, 200 odamga 3 million, 300 odamga 4 million, 400 odamga 5 million, 500 odamga 6 million, 600 odamga 7 million, 700 odamga esa 8 million so‘m va'da qilmoqda. 

«Odamlarni qiziqtirish maqsadida guruhga foydalanuvchi qo‘shgan «o‘z odamlari bilan suhbat skrinshotlari»ni tashlab, bu bot orqali tekshirilgani va odam qo‘shganlarga va'da qilingan pul o‘tkazib berilgani haqida fotosurat yoki ovozli yozuvlar ham yuklab bormoqda. Guruhga tashlangan ushbu audio va fotomateriallar qalbakilashtirilgan. Bu kabi guruhlarni tuzayotgan «xakerlar» ko‘pincha tijorat banklari, ommaviy ko‘rsatuv yoxud elektron pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar logotiplari ortiga yashiringan holda odamlarni aldamoqda. Masalan, Markaziy studiya, Ipak yo‘li bank, Click, Beg‘ubor kabi guruhlar shular jumlasidan.

Aslida ular yuborgan skrinshotlar firibgarlar tomonidan qalbakilashtirilgan, ovozli yozuvlar ham feyk. Karantin davrida sodda yo‘l bilan oson pul topaman deb ushbu yolg‘on harakatlarga aldanib qolmang», - deyiladi davlat inspeksiyasi xabarida.

«O‘zkomnazorat» fuqarolardan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni, karta raqamini, telefon raqamini, o‘zgalarning kontaktlarini mazkur guruhlarga yubormaslikni so‘ragan. 

«Shubhali raqamlar, guruhlar, kanallar haqida ma'lumotga ega bo‘lsangiz, aldanib qolgan bo‘lsangiz huquq-tartibot idoralariga murojaat qiling. Koronavirus pandemiyasi, kasallikka qarshi kurash borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida rasmiy manbalar va ishonchli ommaviy axborot vositalari orqali tanishib boring», - deyiladi ma'lumotda.

Top