19:42 / 18.04.2020
83648

O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan shaxsdan 1 mln dollar undirmoqchi bo‘lgan rossiyalik ofitserlar qo‘lga olindi

Rossiyaning huquq-tartibot idoralarining yuqori lavozimli ikki nafar xodimi O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan shaxsdan 1 mln dollar undirmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi.

Illyustrativ foto

«Kommersant'» xabariga ko‘ra, politsiya podpolkovnigi Albert Kudryashov va IIB mayori Andrey Gaytov O‘zbekistonda tug‘ilgan shaxsdan 1 mln dollar talab qilishgan. Keyinchalik bu qiymat 13 mln rublga tushirilgan. Ofitserlar o‘zbekistonlikni ekstremistlarga aloqadorlikda gumon qilishgani va ularga pul emas, balki uning aloqalari haqida ma'lumot kerak bo‘lganini ta'kidlashmoqda.

Podpolkovnik Kudryashov va mayor Gaytovga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 163-moddasi 3-qismi (uyushgan guruh tarkibida tovlamachilik qilish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Bunga O‘zbekistonda tug‘ilgan tadbirkor Ashraf Aysenovning arizasi asos bo‘lgan. U politsiyachilarning jinoiy javobgarlikka tortilmaslikni va himoya ostida bo‘lishni va'da qilishayotgani, buning evaziga 13 mln rubl so‘rashayotgani haqida yozib bergan.

Tergovchilar talqiniga ko‘ra, 7 mart kuni Kudryashov va Gaytov rasman ishsiz bo‘lgan Ashraf Aysenovning Petrovskoye qishlog‘idagi uyiga borib, undan 1 mln dollar talab qilishgan. Aks holda unga qarshi jinoyat ishi ochib, O‘zbekistonga berib yuborish bilan tahdid qilishgan. Ofitserlar xizmat imkoniyatidan foydalanib, avval Jasur Jalilov ismi-sharifida bo‘lgan Aysenovning 1,5 mln dollarni talon-toroj qilgani uchun O‘zbekistonda qidiruvda ekanini aniqlashgan. 2015 yilda Jalilov Rossiyaga Ashraf Burxonov pasporti bilan borgan. Keyinchalik, xotinining familiyasini olib, Aysenov bo‘lgan. So‘ngra u bilan ajrashgan.

Aysenov ofitserlarning talabiga rozi bo‘lgan. Ammo to‘lanadigan qiymat bo‘yicha savdolashib, uni 13 mln rublga pasaytirgan. Ofitserlar pulni olish uchun kelganida Istra shahri politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan.

Ayni paytda jinoyat ishi Rossiya Tergov qo‘mitasining harbiy tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan.

Ofitserlarni 2 oyga hibsga olish masalasini ko‘rib chiqqan Istra shahar sudida ular o‘z aybini inkor qilishgan va Aysenovni ekstremistlarga aloqadorligini aniqlash maqsadida, O‘zbekistonga berib yuborish bilan qo‘rqitishganini aytishgan. Biroq sud ularning bahonalariga ishonmay, 2 oy hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan.

Top