07:17 / 19.04.2020
13902

4 nafar xotin-qizning suitsidga qo‘l urishi oldi olindi – Senat

Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida parlament yuqori palatasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Ishonch telefoni” yordamida 4 nafar xotin-qiz o‘z joniga qasd qilishining oldi olingan.

Bu haqda Kun.uz’ga Oliy Majlis Senatining axborot xizmati rahbari Jaloliddin Usmonov ma'lum qildi.

“Yaqinda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan “Ishonch telefoni” xizmati yo‘lga qo‘yilgan edi. 2020 yilning 10–16-aprel kunlari mazkur tizim orqali oilaviy ajrimlar, aliment undirish, sud qarorlari ustidan shikoyat, gender notenglik hamda psixologik yordam bo‘yicha jami 121 ta murojaat yo‘llandi. Ularning 110 tasi ijobiy hal etildi. Qolganlari esa karantin davrida oziq-ovqat bilan ta'minlanishi so‘ralgani bois tegishli idoralarga yo‘naltirildi.

Xotin-qizlar ishonch telefoni operatori, huquqshunos va ruhshunosdan maslahat va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olib kelishmoqda. Shu o‘rinda, 25 nafar opa-singillarimiz tomonidan huquqshunosga murojaat kelib tushgan. Ahamiyatlisi, 4 nafar xotin-qiz o‘z joniga qasd qilishining oldi olindi”, deya Jaloliddin Usmonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, xotin-qizlar karantin davrida har kuni 8-00 dan 18-00 gacha faoliyat ko‘rsatadigan “Ishonch telefoni”ning quyidagi raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, batafsil javob olishlari mumkin.

Huquqshunos: +99897 137 26 26;                        

Ruhshunos: +998 97 137 27 27; 

Ishonch telefoni operatori: +99897 137 24 24

Shuningdek, Telegram’da ochilgan maxsus kanal orqali ham oilada tazyiq va zo‘ravonlikka uchrayotgan xotin-qizlarga bepul huquqiy maslahat va psixologik yordam ko‘rsatib borilishi ma'lum qilindi.

Yaqinda BMT bosh kotibi Antonio Guterrish ko‘plab ayollar koronavirus epidemiyasi tufayli uyda zo‘ravonlikka duch kelayotgani, ba'zi davlatlarda zo‘ravonlikka qarshi yordam xizmatiga murojaat qilgan ayollar soni ikki baravar ko‘payganini ma'lum qilgandi.

BMT ma'lumotiga ko‘ra, karantin davrida dunyo bo‘ylab har uchinchi ayol jismoniy va jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingan, bu boradagi tizim takomillashtirilishi aytilgandi.

Top