11:38 / 19.04.2020
35606

Tug‘ilgan kun, mehmondorchiliklar va ruxsatnomasiz harakat. O‘zbekistonda karantin tartiblarini buzish davom etmoqda

O‘zbekistonda karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan, hamon qoidabuzarlik holatlari kuzatilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati respublikada karantin davrida qoidalarga amal qilmaslik bilan bog‘liq holatlar soni  79 851tani tashkil etayotgani haqida ma'lum qildi.

- Toshkent shahrida – 14 506ta holat; 
- Farg‘ona viloyatida – 12 510ta holat;
- Toshkent viloyatida – 11 742ta holat;
- Samarqand viloyatida – 7 028ta holat;
- Sirdaryo viloyatida – 5 470ta holat;
- Qashqadaryo viloyatida – 5 148ta holat;
- Andijon viloyatida – 4 545ta holat;
- Namangan viloyatida – 4 447ta holat;
- Buxoro viloyatida – 3 248ta holat; 
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 2 902ta holat;
- Xorazm viloyatida – 2 660ta holat;
- Surxondaryo viloyatida – 2 485ta holat;
- Jizzax viloyatida – 2 407ta holat;
- Navoiy viloyatida – 753ta holatni tashkil etmoqda.

18 aprel kuni Toshkent shahrining Mirobod tumani, Mironshoh 2-tor ko‘chasida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan Ibrohim S. uyida tanishlarini yig‘ib, tug‘ilgan kunini nishonlagan. Holat yuzasidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, 17 aprel kuni Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahar, «Ma'rifat» mahallasi, Mamadaliyev ko‘chasida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan Mohichehra K. karantin qoidalarini buzib, yashash xonodoniga mehmon chaqirib, spirtli ichimlik iste'mol qilib, qo‘shnilar tinchligini buzib, baqir-chaqir qilib turgan vaqtida, uning tinchlanishini so‘ragan IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan 18 aprel kuni Ma'muriy ishlar bo‘yicha Xovos tumani sudi tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54, 183 va 194-moddalariga asosan 1 115 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

18 aprel kuni Xiva shahri «Do‘stlik» mahallasida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan Azamat E. soat 02:00da o‘zining uyiga fuqarolar S.Jumanazarova, S.Jumanazarova, S.Yusufov va R.G‘affarovni chaqirib, ular bilan maishat qilib, spirtli ichimlik iste'mol qilib o‘tirgani aniqlanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi asosida hujjatlar rasmiylashtirilgan.

18 aprel kuni Xiva shahar, A.Boltayev ko‘chasida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan Quvondiq B. soat 16:00da o‘zining uyiga fuqarolar R.Abdullayev, I.Abdullayev, M.Ismoilova va S.Ismoilovani chaqirib, ular bilan maishat qilib, spirtli ichimlik istemol qilib o‘tirgani aniqlanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi asosida hujjatlar rasmiylashtirilgan.

18 aprel kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Jarqo‘rg‘on ko‘chasida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan Zarofat A. «Aviasozlar» bozorida joylashgan savdo shoxobchasida fuqarolar karantin qoidasiga rioya etishini nazorat qilmagani aniqlanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan.

18 aprel kuni Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani, «Bog‘zor» qishlog‘i, Sh.Rashidov ko‘chasida yashovchi 1964 yilda tug‘ilgan Mamasoli D., Arnasoy tumani, «Yangibo‘ston» qishlog‘i, A.Navoiy ko‘chasida yashovchi 1986 y.t. Begzod M., Samarqand viloyati, Toyloq tumani, «Baxshitepa» qishlog‘ida yashovchi 1996 y.t. Azizjon A., Samarqand tumani, «Nurobod» mahallasida yashovchi 1988 y.t. Sunnatillo F., Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Amudaryo tumani, Furqat ko‘chasida yashovchi 1971 y.t. Shavkat Ya., Kegeyli tumani, «Yerkin daryo» ovulida yashovchi 1993 y.t. Babur O. ruxsatnomasiz o‘z transportida bemaqsad yurgani aniqlanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilib, avtomashinalari jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

18 aprel kuni Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani, «Do‘ngariq» mahallasida yashovchi 1987 y.t. Hamidjon T. o‘z velosipedida bemaqsad yurgani aniqlanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilib, velosipedi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Mavzuga oid
Top