10:00 / 20.04.2020
16439

«Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi, ovullardagi hamda harbiy shaharchalardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridir

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Fuqarolar shaharchalarda, qishloqlarda, ovullarda, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi hamda harbiy shaharchalardagi mahallalarda o‘zini o‘zi boshqarishga doir o‘z konstitutsiyaviy huquqini fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlariga muvofiq fuqarolar yig‘ini majlislari (fuqarolar vakillarining yig‘ilishlari) orqali amalga oshiradi.

Fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'iy nazar, bevosita yoki o‘zlarining saylanadigan vakillari orqali o‘zini o‘zi boshqarishda teng huquqlarga ega.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishga doir huquqlarini cheklash taqiqlanadi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlari va tashkilotlari, hamda ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

demokratizm, oshkoralik, ijtimoiy adolat;

mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda mustaqillik;

jamoaviylik, aholi oldida hisobdorlik;

jamoatchilik asosidagi o‘zaro yordam;

ijtimoiy sheriklik;

mahalliy urf-odatlar va an'analarni hisobga olish.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi O‘zbekistonning butun hududida amalga oshiriladi. Shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi hamda harbiy shaharchalardagi mahallalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishining hududiy birliklaridir.

Shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi, ovullardagi hamda harbiy shaharchalardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridir.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi va qonun hujjatlari bilan berilgan o‘z vakolatlarini tegishli hudud doirasida amalga oshiradi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazlarida hisobga olingan kundan e'tiboran yuridik shaxs maqomiga hamda o‘z nomi yozilgan muhrga va bankda o‘z hisobraqamlariga ega bo‘ladi.

Fuqarolar yig‘ini aholi manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan tegishli hudud doirasida amal qiladigan qarorlar qabul qiladi.

Fuqarolar yig‘ini faoliyatini fuqarolar yig‘inining kengashi hamda raisi (oqsoqoli) tashkil etadi.

Fuqarolar yig‘ini organlari quyidagilardir:

fuqarolar yig‘ini kengashi;

fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar;

taftish komissiyasi.

Fuqarolar yig‘inlari faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish uchun geografik joylashuvi va aholisi soni bo‘yicha toifalarga ajratiladi.

Fuqarolar yig‘inlari geografik joylashuvi bo‘yicha quyidagi toifalarga bo‘linadi:

shaharda;

tuman markazida;

tuman markazigacha 30 km bo‘lgan masofada;

tuman markazidan kamida 30 km olis masofada, tog‘li va cho‘l hududida;

chegara hududida;

anklav hududda joylashgan fuqarolar yig‘inlari.

Fuqarolar yig‘inlari aholi soni bo‘yicha quyidagi toifalarga bo‘linadi:

1000 nafargacha aholisi bo‘lgan;

1001-2000 nafargacha aholisi bo‘lgan;

2001-4000 nafargacha aholisi bo‘lgan;

4001-6000 nafargacha aholisi bo‘lgan;

6001-8000 nafargacha aholisi bo‘lgan;

8000 nafardan ziyod aholisi bo‘lgan fuqarolar yig‘inlari.

Fuqarolar yig‘ini o‘z faoliyatini Qonunda belgilangan vakolatlar doirasida ishlab chiqilgan hamda fuqarolar yig‘ini majlisida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishida) tasdiqlanadigan nizom asosida amalga oshiradi.

Fuqarolar yig‘ini to‘g‘risidagi nizomda quyidagi ma'lumotlar bo‘lishi kerak:

fuqarolar yig‘inining nomi;

fuqarolar yig‘inining hududi;

fuqarolar yig‘ini va uning organlari vakolatlari;

fuqarolar yig‘ini majlisini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishini) chaqirish tartibi;

fuqarolar yig‘ini kengashini tuzish tartibi;

fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash, uning o‘rinbosarlarini (fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy masalalar bo‘yicha, obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarini), oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassisini va maslahatchilarini (fuqarolar yig‘ini raisining yoshlar masalalari bo‘yicha hamda keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilarini), shuningdek, fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa mansabdor shaxslarini saylash, tasdiqlash va tayinlash tartibi;

fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarni tuzish, qayta tashkil etish hamda ularning faoliyatini tugatish tartibi;

fuqarolar yig‘ini taftish komissiyasini tuzish va uning faoliyatini tugatish tartibi;

«Ota-onalar universiteti» jamoatchilik tuzilmasi, «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul guruhi hamda «Keksalar maslahati» guruhini tuzish, ularning faoliyatini tugatish tartibi;

fuqarolar yig‘ini organlari, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli), uning o‘rinbosarlari (fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy masalalar bo‘yicha, obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari), oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis hamda maslahatchilarining (fuqarolar yig‘ini raisining yoshlar masalalari bo‘yicha hamda keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilarining), shuningdek, fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa mansabdor shaxslarini vakolatlari;

fuqarolar yig‘ini faoliyatining iqtisodiy asosi;

fuqarolar yig‘inini qayta tashkil etish va uning faoliyatini tugatish tartibi.

Fuqarolar yig‘ini to‘g‘risidagi nizomda qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa ma'lumotlar ham bo‘lishi mumkin.

Top