20:06 / 20.04.2020
4060

Volkswagen dizel mojarosidan jabr ko‘rganlarga 620 mln yevro to‘laydi

Volkswagen avtomobilsozlik konserni dizel mojarosidan jabr ko‘rgan 200 ming avtomobil egasiga ishni sudgacha hal qilish doirasida umumiy hisobda 620 mln yevro kompensatsiya to‘lash bo‘yicha kelishib oldi. 

Foto: Reuters

Bu haqda konsern bayonotida ma'lum qilingan.

Pullar 5 maydan to‘lana boshlanadi. Dizel avtomobilining modeli va yoshiga qarab mijozlarga 1350 yevrodan 6250 yevrogacha tovon puli to‘lanadi.

Yaqin kunlarda yana 21 mingta holat ko‘rib chiqiladi. Tekshiruv yakunlangandan keyin avtomobil egalariga uning natijalari haqida ma'lum qilinadi.

Volkswagen AQShda o‘z dizel avtomobillariga atrof-muhitga chiqaruvchi zararli chiqindilarni kamaytirib ko‘rsatuvchi dasturiy ta'minot o‘rnatganlikda ayblangandi. AQSh hukumati konsernga 2009-2015 yillarda AQShda sotilgan Volkswagen va Audi markalaridagi 480 mingdan ko‘proq avtomobilni qaytarib olish majburiyatini yuklagan. 2017 yil yanvarda konsern dizel mojarosi doirasida AQSh rasmiy idoralari bilan 4,3 mlrd dollar jarima to‘lash bo‘yicha kelishuvga kelgan. 

Volkswagen Yevropaning eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasi bo‘lib, Volkswagen, Audi, Skoda, Seat kabi markalarni birlashtiradi. Kompaniyaning “lyuks” sinfidagi avtomobillarni ishlab chiqaruvchi bo‘linmasiga Lamborghini, Bentley, Bugatti markalari kiradi.

Mavzuga oid
Top