14:58 / 24.04.2020
37655

Moliya vazirligi davlat qarzlari holati va dinamikasini e'lon qildi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi davlat qarzlari holati va dinamikasini ochiqladi.

Foto: AP

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i 17,6 mlrd. AQSh dollari ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 30,5 foizni tashkil etdi.

O‘tgan yil davomida davlat tashqi qarzi 5,7 mlrd. AQSh dollariga yoki yil boshiga nisbatan 57,8 foizga oshib, 1 yanvar holatiga 15,6 mlrd. AQSh dollariga yoki YaIMga nisbatan 27,0 foizga yetdi.

Shundan: 

Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz - 10,7 mlrd. AQSh dollari; 

Hukumat kafolatlagan tashqi qarz – 4,9 mlrd. AQSh dollari.

Davlat ichki qarzi 19,02 trillion so‘mni (1 997,2 mlrd. AQSh dollari) yoki YaIMga nisbatan 3,5 foizni tashkil etdi. 

Shundan: 

Hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz – 1,3 trillion so‘m (131,5 mln. AQSh dollari); 

Hukumat kafolatlagan ichki qarz – 17,7 trillion. so‘m (1 865,7 mlrd AQSh dollari).

Davlat qarzining so‘ngi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro me'yorlarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat qarzi (YaIMga nisbatan 30,5 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YaIMga nisbatan 27,0 foiz) mo‘'tadil darajada saqlanib qolmoqda, deyiladi vazirlik hisobotida.

O‘tgan yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat qarzi qoldig‘ining shakllanishi quyidagi omillar ta'siri bilan izohlangan:
 
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida o‘zlashtirilgan mablag‘lar qoldig‘i 2,5 mlrd. AQSh dollariga, Hukumat kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida o‘zlashtirilgan mablag‘lar qoldig‘i 2,2 mlrd. AQSh dollariga oshdi. Davlat tashqi qarzi ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirildi.

Xususan: 

“Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksida ishlab chiqarilayotgan tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish” (GTL) - 1,1 mlrd. AQSh dollar; 

“Uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmini oshirish” – 0,6 mlrd. AQSh dollar; 

Taxiatosh, Navoiy va To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyalarini qurish va modernizatsiya qilish – 0,4 mlrd. AQSh dollar; 

“Axborot uzatuvchi magistral tarmoqlarni rivojlantirish va infrastrukturani yaxshilash” – 0,1 mlrd. AQSh dollar. 

O‘tgan yilning fevral oyida 1 mlrd. AQSh dollariga teng suveren xalqaro obligatsiyalari chiqarildi.

2018 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ilk bor muomala davri 6 oy, 1 yil va 3 yil bo‘lgan umumiy qiymati 597,1 mlrd. so‘m miqdoridagi davlat qimmatli qog‘ozlarini (DQQ) auksion savdolarini o‘tkazish orqali joylashtirilgan bo‘lsa, 2019 yilda o‘tkazilgan 15 ta elektron auksion orqali 1 550,0 mlrd. so‘mga teng davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirildi.

Mavzuga oid
Top