00:49 / 24.04.2020
28494

Pandemiya yechimini izlayotgan tashkilotlarga tegishliligi taxmin qilinayotgan maxfiy ma'lumotlar tarqaldi

Internetda koronavirus pandemiyasiga yechim topish bilan shug‘ullanayotgan asosiy tashkilotlarga tegishli ekani taxmin qilinayotgan elektron pochta manzillari va parollar ro‘yxati tarqaldi. Bu xakerlik hujumi natijasi bo‘lishi mumkin.

Foto: Washingtonpost

19 aprel kuni Salomatlik milliy institutlari (AQSh), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Bill Geyts fondiga tegishli ekani gumon qilinayotgan 25 mingta elektron pochta manzili va parollar internetga joylashtirildi.

Bu haqda internetda ekstremizm va terroristik harakatlarni kuzatuvchi SITE Intelligence Group’ga asoslanib, The Washington Post xabar berdi.

Ro‘yxatni kim tarqatgani ma'lum emas. SITE pochta manzillari va parollarning haqqoniyligini hali tekshira olganicha yo‘q.

Ro‘yxat dastlab siyosiy ekstremizm ruhidagi izohlari bilan tanilgan 4chan e'lonlar platformasida chiqqan. Keyinchalik Pastebin matnlarni yuklash saytida, tvitterda, ayrim telegram kanallarda tarqalgan.

«Ultrao‘ngchi ekstremistlar mazkur ma'lumotlarni o‘ta faol tarqatishmoqda. Ular koronavirus pandemiyasi qasddan uyushtirilgan, degan taxminga asoslanib, pochta manzillarini taftish qilishga chaqirishmoqda», deydi SITE ijrochi direktori Rita Kats.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha avstraliyalik mutaxassis Robert Potterg JSSTga tegishli deb taxmin qilinayotgan pochta va parollar haqiqiy ekanini tekshira olganini, parollar yordamida tashkilot kompyuter tizimiga ulanganini ma'lum qilgan.

«Pochta manzillari uchun qo‘yilgan parollarning xavfsizlik darajasi o‘ta qoniqarsiz. Xodimlar parol sifatida o‘z ismidan foydalangan.

Bu ro‘yxat xakerlar hujumi yo‘li bilan olingan ma'lumotlar sotiluvchi internet qora bozorida qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin. Katta ehtimol bilan, ma'lumotlar 2016 yilda tashkilotga qilingan xakerlik hujumi paytida olingan», deydi Potter.

Tarqatilgan ro‘yxatdagi manzil va parollarning eng katta qismi – 9938tasi AQShning Salomatlik milliy institutlariga tegishli deb ko‘rsatilgan.

Manzil va parollarning 6857tasi AQShning Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markaziga, 5120tasi Jahon bankiga, 2732tasi JSSTga, ozroq qismi Bill Geyts fondiga taalluqli ekani aytilmoqda.

Ro‘yxatda koronavirusning ilk o‘chog‘i bo‘lgan shahar – Uhan virusologiya instituti ma'lumotlari ham mavjud.

Salomatlik milliy institutlari, Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi, JSST, Jahon banki mazkur holat bo‘yicha hech qanday munosabat bildirmagan.

Geyts fondi esa holatni kuzatib borayotgani, yaqin orada fondda ma'lumotlar sizib ketishi hollari kuzatilmaganini aytmoqda.

AQSh Federal qidiruv byurosi tomonidan ham holatga izoh berilmagan. Tvitter rahbariyati holat bo‘yicha o‘rganish olib borilayotgani va huquq doirasida choralar ko‘rilishini ta'kidlamoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top