11:45 / 27.04.2020
9913

Chipta sotish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi loyihaning raqobatga ta'siri baholandi

Qaror loyihasidagi ayrim normalar yuqorida ko‘rsatilgan davlat raqobat siyosati yo‘nalishlariga zid ravishda kiritilganligi sababli mazkur normalarni qayta ko‘rib chiqish va operatorni belgilashni raqobat tamoyillari asosidagi tartibotlar orqali amalga oshirilishi taklif etildi. 

Foto: Shutterstock

Madaniyat vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida yagona elektron chipta sotish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirilgani xabar berilgandi.
 
Mazkur qaror loyihasi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan tegishli takliflar (e'tirozlar) bildirildi va belgilangan tartibda loyiha ishlab chiquvchiga yuborildi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, hozirgi kunda respublikada “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ (e-ticket.railway.uz), Uzbekistan Airwaus AJ (uzairways.online), “O‘zavtovokzal servis” DUK (avtoticket.uz) tomonidan onlayn chiptalar sotish, shuningdek, internet tarmoqlari orqali kino, teatr, konsert va sport tadbirlari uchun (iticket.uz va myticket.uz) onlayn chiptalar sotish yo‘lga qo‘yilgan va samarali faoliyat yuritayotganligi qayd etildi.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish maqsadida O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqib, bu sohada xususiy tadbirkorlik faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi va soha jadal rivojlanib borayotganligini inobatga olib, qo‘shimcha yangi davlat ishtirokidagi korxona tashkil etish maqsadga muvofiq emasligi bildirildi.

Shuningdek, loyihada barcha mavjud chipta sotish axborot tizimlarini yaratilayotgan yangi Portal bilan majburiy integratsiyalashni ta'minlash topshirilgan. Ushbu talab ham “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuniga zid bo‘lganligi sababli chipta sotish axborot tizimlarini ixtiyoriylik asosida Portal bilan integratsiyalashi mumkinligini ko‘zda tutish lozimligi xulosasi berildi.

Shulardan kelib chiqqan holda, qaror loyihasidagi ayrim normalar yuqorida ko‘rsatilgan davlat raqobat siyosati yo‘nalishlariga zid ravishda kiritilganligi sababli mazkur normalarni qayta ko‘rib chiqish va operatorni belgilashni raqobat tamoyillari asosidagi tartibotlar (tanlov, tender) orqali amalga oshirilishi taklif etildi, deyiladi xabarda. 

Top