17:06 / 30.04.2020
17454

Diniy erkinlik: AQSh «qora ro‘yxati»dan chiqqan O‘zbekiston «maxsus kuzatuv»dan ham chiqishi uchun nima qilishi kerak?

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonni diniy erkinliklarga oid «qora ro‘yxat»dan chiqarganidan bir yarim yil o‘tib, mamlakat bu yo‘nalishda erishgan yutuqlarni Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh Komissiyasi (USCIRF) ham rasman e'tirof etdi.

Foto: KUN.UZ

USCIRF Davlat departamentiga O‘zbekistonni «maxsus kuzatuv ro‘yxati»ga o‘tkazishni tavsiya etmoqda.

Komissiya raisi Toni Perkins 2019 yilda O‘zbekiston «diniy guruhlar uchun ko‘proq erkinlikni ta'minlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishda sezilarli ilgarilashga erishgani»ni qayd etdi.

«2019 yilda ba'zi hukumatlar, ayniqsa USCIRF bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatgan 2ta davlat tomonidan ko‘rilgan ijobiy choralar bizga yuqori ko‘tarinkilik bag‘ishladi», dedi Komissiya rahbari O‘zbekiston va Sudanni nazarda tutgan holda.

O‘zbekistonda hokimiyat almashgach, AQSh bilan diniy erkinlik masalalarida ham tez-tez maslahatlashuvlar o‘tkazib turilmoqda, USCIRF bilan muntazam aloqa o‘rnatilgan. Komissiya a'zolari va ekspertlari 2019 yil davomida 11ta davlatga xizmat safari bilan borgan bo‘lsa, ular orasidan faqat O‘zbekistongagina ikki marta (may va sentabr oylarida) tashrif bilan kelishgan.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo fevral oyi boshida O‘zbekistonga qilgan ilk tashrifi davomida Toshkent shahar bosh imom xatibi Nuriddin Xoliqnazarov va boshqa diniy faollar bilan ham uchrashgan edi.

2020 yilgi hisobotda O‘zbekiston haqida nimalar deyilgan?

«2019 yilda O‘zbekistondagi diniy erkinlik bilan bog‘liq vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi. USCIRF mamlakatni 2005 yildan buyon «alohida xavotirga molik davlatlar» ro‘yxatiga kiritib kelishiga sabab bo‘lgan omillar yuzasidan hukumat muhim choralar ko‘rdi», deyiladi hisobotning O‘zbekistonga oid sahifasidagi ilk satrlarda.

Komissiya O‘zbekiston huquqni muhozafa qiluvchi organlari tomonidan diniy guruhlarning ta'qib qilinishi to‘xtatilgani, Jasliq qamoqxonasining yopilgani, AQSh va xalqaro tashkilotlar bilan diniy erkinliklar bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishda davom etayotganini e'tirof etgan.

Shu bilan birga, USCIRF diniy ekstremizm va taqiqlangan tashkilotlarga a'zolikda ayblangan mahkumlarning hibsda qolayotgani, ba'zilarining ozodlikdan mahrum etilish muddatlari uzaytirilgani va diniy faoliyati ortidan qamoqqa olingan ayrim mahbuslar qiynoqqa solinayotgani haqida ma'lumotlar borligini qayd etgan.

Shuningdek, hisobotda musulmonlarning soqol o‘stirishi, muslimalarning hijob o‘rashiga nisbatan hukumatning munosabati ijobiy emasligi ta'kidlangan.

«Bir qator holatlarda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev musulmonlarga nisbatan ochiqchasiga adovatini namoyish etdi, xususan hijob o‘raganlarga toqat bilan yondashgan xodimlariga tahdid qildi», deya qayd etilgan USCIRF sharhida.

«Avgust oyida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Toshkentdagi bozorlarning birida taxminan yuz kishini qo‘lga olib, ularni soqolini olishga majburladi. Bu tadbir fuqarolar smart-kameralar tomonidan tanib olinishi uchun ularning yuz ko‘rinishini pasportlaridagi rasmlari bilan bir xil bo‘lishini ta'minlash maqsadida amalga oshirilgani bilan izohlandi. Shunga o‘xshash kamida yana bitta holat keyingi oyda Namanganda kuzatildi», deyiladi hisobotda.

Hujjatda Toshkent Xalqaro islom akademiyasining sobiq talabasi Luiza Mo‘minjonova bilan ro‘y bergan holat haqida ham so‘z boradi.

Shuningdek, ma'lum toifa fuqarolarga Haj va Umra ziyoratlariga borish cheklangani, norasmiy yosh cheklovi qo‘yilgani, bu ziyoratlarni amalga oshirish uchun xususiy turfirmalarga ruxsat yo‘qligi, avgust oyida BAAdagi xususiy turfirma orqali hajga borib qaytgan 35 kishi Toshkent xalqaro aeroportida so‘roq qilingani aytilgan xabarlar tarqalgani ham eslab o‘tilgan.

«Maxsus kuzatuv ro‘yxatidan» ham chiqish uchun nima talab etiladi?

«Amerika ovozi» jurnalisti Navbahor Imomovaning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonining chaqirig‘ida soqol va ro‘mol masalasi ham bo‘lsa-da, «lekin umuman olganda asosan qonunchilikdagi me'yorlar bilan bog‘liq muammolar Vashington diqqat markazida».

USCIRF`ning 2020 yilgi hisobotida aytilishicha, O‘zbekiston diniy sohadagi qonunchilikni yangilashi va diniy sabablar bilan qamalganlarni ozod etish amaliyotini davom ettirishi kerak.

Komissiya raisi o‘rinbosari Nadin Mayenza bergan izohga ko‘ra, O‘zbekistonda 1998 yili qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.

«Biz O‘zbekictonda bo‘lganimizda hukumat bilan ochiq gaplashdik, muammolarni muhokama qildik. Muloqot jadal. O‘zbekiston hukumatida ahvolni yaxshilash uchun harakat to‘xtamasligi lozim. Asosiy muammo – 1998 yilda qabul qilingan qonun. U diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olishni cheklaydi va qiyinlashtiradi. Komissiyamiz mana shu qonunni o‘zgartirib, O‘zbekistonda huquqiy islohotlarni jadallashtirishga chaqiradi. Umid qilamizki, bu muammo bartaraf etiladi», – degan Nadin Mayenzaning so‘zlarini keltirmoqda «Amerika ovozi».

Hisobotda O‘zbekiston qonunchiligiga asosan diniy tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tishi shartligi, diniy adabiyotlarning tegishli organlar bilan kelishilishi tartibi, prozelitizm va missionerlik faoliyati taqiqlangani, xususiy diniy ta'lim cheklangani, diniy guruhlarni ro‘yxatga olish uchun mahalladan ham rozilik olinishi kerakligi kabilarga e'tibor qaratilgan.

AQSh O‘zbekistondan nimani kutmoqda?

Komissiya a'zolari bilan suhbatlashgan jurnalist Navbahor Imomovaning aytishicha, Vashingtondagilar O‘zbekistondan mamlakatda o‘ta mukammal diniy vaziyat yaratishni so‘rayotgani yo‘q.

«Ochig‘i, bu komissiya a'zolari bilan gaplashsangiz, ular: «Biz, albatta, mo‘jiza kutayotganimiz yo‘q. Kelasi bir necha yilda O‘zbekiston e'tiqod erkinligi har jihatdan ta'minlangan davlatga aylanishi kerak, degan talab qo‘yayotganimiz yo‘q. Biz O‘zbekiston hukumatiga eslatyapmiz: agar Amerika bilan yaqindan aloqa qilmoqchi bo‘lsangiz, hamkorlik kengayishini xohlasangiz – nafaqat siyosiy jihatdan, balki biznes va xususiy sektor bilan rishtalarni mustahkamlamoqchi bo‘lsangiz – diniy erkinlik juda ham muhim», deyishadi.

AQShda juda katta bizneslar ham ularning vijdon erkinligini hurmat qilishingizni xohlaydi. Diniy erkinlik deganda dindorlar bilan birga dinsizlarning ham erkinligi nazarda tutiladi. Bu Komissiya qaysidir mamlakatda ateistlarning huquqini himoya qilib chiqishi, yoki Saudiya Arabistonida shia mazhabidagi insonlarning qatl etilishiga, Shimoliy Koreyada nasroniylarning qamoqda o‘tirganiga, Bangladeshda minglab birmalik musulmonlarning qochqin ekaniga, Xitoyda ikki millionga yaqin uyg‘urlar va boshqa millatdagi musulmonlarning haq-huquqi toptalishiga qarshilik bildiradi. Yoki deylik Lotin Amerikasida cherkovlar tazyiq o‘tkazayotgan odamlarga yordam berishga harakat qilyapti. Pokistonda zo‘rlab islomdan nasroniylikka yoki nasroniylikdan islomga o‘tkazilayotgan odamlarning huquqini himoya qilishga harakat qilyapti.

Shu boisdan ular O‘zbekistondan har jihatdan mukammal siyosat kutayotgani yo‘q. Muhimi – O‘zbekiston hozirgiga qaraganda erkinlashishi va aniq kutilayotgan narsa – 1998 yilda qabul qilingan qonunni o‘zgartirish», deydi Navbahor Imomova.

USCIRF – u qanday komissiya?

Jahonda demokratiya va inson huquqlari ustidan nazorat funksiyasini zimmasiga olgan AQSh 1998 yilda xalqaro vijdon erkinligi haqida qonun qabul qilgan. Qonun bilan Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh Komissiyasi (USCIRF) tashkil etilib, unga jahon mamlakatlarida e'tiqod huquqiga rioya etilishini monitoring qilib borish vazifasi yuklatilgan.

Federal hukumatning mustaqil organi hisoblanuvchi Komissiya 10 nafar a'zodan iborat, ular AQSh prezidenti va Kongress palatalari yetakchilari tomonidan tayinlanadi. Komissiya AQSh rasmiylariga dunyo mamlakatlarida diniy huquqlar ta'minlanishiga oid vaziyat yuzasidan axborot berib, tashqi siyosatda diniy masalalarga urg‘u berib turadi. Hay'at a'zolari (komissarlar) ishtirokida Kongressda yoki jamoatchilik uchun ochiq eshituvlar tashkil etiladi.

Komissiya diniy erkinlik bo‘yicha dunyodagi vaziyatga oid yillik hisobotlar e'lon qiladi. Ushbu hisobotlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lsa-da, AQSh hukumati va parlamenti a'zolari tomonidan muayyan mamlakat bilan hamkorlikka oid qarorlar qabul qilishda inobatga olinadi, muayyan davlatlardagi vaziyat haqida xalqaro jamoatchilik fikrini shakllantirishda muhim o‘ringa ega.

Hisobotda vijdon erkinligi cheklangan yoki to‘la ta'minlangani shubha ostida bo‘lgan mamlakatlar ikki toifaga ajratiladi: «vaziyat alohida xavotirga molik» va «alohida kuzatuv ostidagi» davlatlar. AQSh birinchi toifa («qora ro‘yxat»)dagi davlatlarga yuqoridagi qonunga asosan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashi, ular bilan hamkorlikni cheklashi mumkin.

Top