22:57 / 01.05.2020
15330

Bosh prokuror Yangiyer shahriga evakuatsiya qilingan aholi vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev 1 may kunning ikkinchi yarmida Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahriga kelib, Sardoba suv omboridagi avariyadan keyin evakuatsiya qilingan aholi vakillari bilan uchrashdi.

Foto: Anvar To‘ychiyev

«Nig‘matilla Yo‘ldoshev bu hech kim kutmagan holat bo‘lgani, odamlar turmushi, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga salbiy ta'sir qilganini afsus bilan qayd etdi», deb ma'lum qildi Yangiyer shahar hokimligi axborot xizmati.

«Xalqimiz hamjihat bo‘lib, bunday sinovlarni ko‘p yengib o‘tgan. Bu safar ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, talofat oqibatlari tezda bartaraf etiladi. Eng katta qilgan harakatimiz – odamlarni ehtiyot joylarga ko‘chirish edi va bunga qurbonlarsiz erishdik. Muhimi, ruhni tushirmay, birgalikda kurashsak, bu qiyinchiliklarni yengamiz», degan Bosh prokuror.

Foto: Anvar To‘ychiyev
Foto: Anvar To‘ychiyev
Foto: Anvar To‘ychiyev

Ta'kidlanishicha, Yo‘ldoshev aholiga har tomonlama qulayliklar yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilangan.

Foto: Anvar To‘ychiyev
Foto: Anvar To‘ychiyev
Foto: Anvar To‘ychiyev

Eslatib o‘tamiz, toshqin oqibatida Mirzaobod tumanidan 2 mingdan ortiq kishi Yangiyer shahriga evakuatsiya qilingan. Jumladan:

  • Pedagogika kolleji yotoqxonasiga 700 nafar,
  • Tibbiyot kolleji yotoqxonasiga 150 nafar,
  • Guliston davlat universitetining Yangiyer shahridagi pedagogika fakulteti yotoqxonasiga 600 nafar,
  • Futbol akademiyasi yotoqxonasiga 300 nafar fuqaro joylashtirildi.
Foto: Yangiyer shahar hokimligi Matbuot xizmati
Foto: Yangiyer shahar hokimligi Matbuot xizmati
Foto: Yangiyer shahar hokimligi Matbuot xizmati

Yangiyer shahar hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bu jarayonlarga 50ta mikroavtobus, 10ta tez tibbiy yordam brigadasi, 50 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, 15 nafar shifokor jalb etilgan.

Foto: Yangiyer shahar hokimligi Matbuot xizmati

Bir qancha tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar va homiylar tomonidan evakuatsiya qilingan fuqarolarga zaruriy oziq-ovqatlar, ichimlik suvi, niqob, antiseptik vosita, bir martalik qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot vositalari yetkazib berilmoqda.

Foto: Yangiyer shahar hokimligi Matbuot xizmati

Shuningdek, Guliston tuman hokimligi tomonidan ham oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat homiylik yordami keltirildi.

Foto: Yangiyer shahar hokimligi Matbuot xizmati
Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top