23:26 / 02.05.2020
48403

Samarqandda Sardobaga yuborish uchun yig‘ilgan insonparvarlik yuklari mashinalarga sig‘may qoldi

Kecha, 1 may kuni Samarqand viloyat jamoatchiligi suv toshqinidan zarar ko‘rgan sirdaryoliklarga aholi tomonidan kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak va ro‘zg‘or buyumlari bilan yordam berish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Viloyatdagi har bir tuman, shaharda belgilangan manzillarda bugun erta tongdan samarqandliklar yopirilib kela boshladi. 

Samarqandliklar tomonidan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari, dori-darmon va boshqa kundalik ehtiyoj uchun zarur vositalar 30 dan ortiq mashinaga yuk bo‘ldi. Avtomashinalar Jomboy tumanida to‘planib, katta avtokarvon Sirdaryoga jo‘nadi.

Mazkur avtokarvon orqali Sirdaryoga 28 tonna un, 27 tonna kartoshka, 17,5 tonna piyoz, 17 tonna o‘simlik moyi, 12,1 tonna sabzi, 11,8 tonna guruch, 4,4 tonna makaron, 24 ming dona tuxum, 320 kg. go‘sht, 3,8 tonna sabzavot mahsulotlari, shuningdek, 3080 juft oyoq-kiyim, 5816 dona kiyim-bosh, 9281 dona ko‘rpa-to‘shak, 1688 dona idish-tovoq, 6600 dona gigiyenik va 200 turdagi dori-darmon vositalari yuborildi.

Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, aholidan kutilgandan ham ko‘p kelgan turli mahsulotlar mashinalarga sig‘may qolgan. Shu sababdan ertaga ham yana bir karvon Sirdaryoga jo‘natilishi kutilmoqda.

Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 31 ta yuk mashinasi 2 may kuni kechga yaqin Sirdaryoga yetib borib, kutib olindi. Ayni vaqtda esa (soat 20:00) yana o‘nta mashina yo‘lga chiqmoqda. Shuningdek, Nurobod tumani sektor rahbarlari tashabbusi bilan sirdaryoliklar uchun 100 bosh qo‘y va zaruriy mahsulotlar ham yuborilmoqda. Umuman, ikki kunda Samarqanddan Sirdaryoga jami 2 mlrd 259 million so‘mlik mahsulotlar yetkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqanddan Sirdaryoga o‘pirilish oqibatlarini bartaraf etish uchun 100 mashina tosh-shag‘al va aholi uchun zaruriy oziq ovqatlar jo‘natilgandi. Shuningdek, Samarqand viloyat budjetidan sirdaryoliklar uchun milliard so‘m ajratilgani e'lon qilingan edi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top