17:20 / 03.05.2020
29393

JSST Turkmanistonning koronavirus tarqalishiga qarshi ko‘rayotgan choralariga baho berdi

Turkmaniston rasmiy hukumatining ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar qayd etilmagan.

Foto: Getty Images

Turkmaniston o‘z hududini sanitar himoyalash bo‘yicha juda jiddiy choralarni qabul qildi va bu muammoga boshqa mamlakatlar singari jiddiy yondashmoqda, dedi JSSTning Turkmanistondagi ofisi rahbari Paulina Karvovska.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ashxobod yangi virus to‘g‘risidagi dastlabki xabarlardan keyinoq virusning mamlakat hududiga kirib kelmasligi uchun eng yuqori darajadagi qarorlarni qabul qilgan.

Karvovska shuningdek, Turkmanobod va Turkmanboshi shaharlaridagi tibbiyot muassasalariga qilgan tashrifi to‘g‘risida ham so‘z yuritdi.

"Tashrif davomida Turkmaniston tomonidan mamlakatga koronavirus kirib kelishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdik. Bu markazlar bemorlarni tezda davolash va izolyatsiya qilishda muhim rol o‘ynaydi", - dedi u.

Karvovska JSST Turkmanistondagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni qanday baholashi to‘g‘risidagi savolga bu masalada Turkmaniston sog‘liqni saqlash organlariga tayanishini aytib javob berdi.

"Biz tasdiqlangan holatlar bo‘yicha Turkmaniston sog‘liqni saqlash organlari ma'lumotlariga tayanamiz va shu vaqtgacha bunday holatlar haqida ma'lumot kelib tushmadi, - dedi u.

Turkmaniston rasmiy hukumatining ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar qayd etilmagan.

Top