15:16 / 05.05.2020
6054

Toshkent shahridagi Prezident Xalq qabulxonasining “Saxovat karvoni” Sirdaryo viloyatiga yetib bordi

Prezident Xalq qabulxonalari xodimlari qator idoralar vakillari bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatining suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlar aholisi muammolarini o‘rganib, zudlik bilan joyida hal etishmoqda.  

Butun O‘zbekiston ahli kabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joylardagi Xalq qabulxonalari ham Sirdaryo viloyatida ro‘y bergan ofat oqibatlarini bartaraf etishga hissa qo‘shmoqda. 

Ular zudlik bilan yetib borib, amaliy yordam ko‘rsatishni boshlab yubordilar. Jabr ko‘rgan insonlarga zaruriy mahsulotlar, boshpana bilan ta'minlash ishlari olib bormoqdalar. 

Xususan, Toshkent shahridagi Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan bir necha yuk avtomashinalarida jami 50 million so‘mdan ziyod kundalik ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan kartoshka, piyoz, karam, sabzi, un, go‘sht, yog‘, makaron, turli konserva va shirinliklar, shakar, tuxum, guruch, sut mahsulotlari va boshqa oziq-ovqatlar bilan birga issiq kiyim-kechaklar, ro‘zg‘or buyumlari, gigiyenik vositalar, badiiy kitoblar, o‘quv qurollari va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat “Saxovat karvoni” Sirdaryo viloyatiga yetkazildi. 

Shu bilan bir qatorda Prezident Xalq qabulxonalari xodimlari Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari kabi bir qator idoralar vakillari bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatining suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlar aholisi muammolarini o‘rganib, zudlik bilan joyida hal etishmoqda.  

Talab etilgan joylarda qurilish, ta'mirlash ishlarida ham faollik bilan ishtirok etmoqdalar. Yuzdan ziyod xonadonlarga kerakli bo‘lgan barcha qurilish anjomlarini, mahsulotlarini yetkazib, quruvchi mutaxassislar bilan, el bilan bunyodkorlik ishlarida yelkama-yelka mehnat qilmoqdalar.    

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top