00:45 / 06.05.2020
41953

BAAning Sharja shahrida 48 qavatli binoga o‘t ketdi

5 may, seshanba oqshomida Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahridagi 48 qavatli binoda yirik yong‘in yuz berdi. Qurbonlar yo‘qligi, to‘qqiz kishi yengil jarohat olgani aytilmoqda.

Voqea joyidan olingan videolarda yong‘in binoni deyarli to‘liq qoplab olganini ko‘rish mumkin. Voqea joyida o‘t o‘chiruvchilar va shifokorlar ish olib bormoqda.

Foto: AbhiShek Sen Gupta
Foto: AbhiShek Sen Gupta
Foto: Shihab

Khaleej Times xabariga ko‘ra, Abbco Tower nomli inshoot Sharjada balandligi bo‘yicha 8-raqamli bino hisoblanadi.

Ma'lum qilinishicha, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 21:04da binoning 10-qavatida boshlanib, tezda qolgan qavatlarga ham yoyilgan. Qutqaruvchilar voqea joyiga sanoqli daqiqalarda yetib kelishgan va binodagi barcha odamlarni evakuatsiya qilishga ulgurishgan.

Yong‘in 3 soatga bormay bartaraf etilgan.

Gulf News`ning yozishicha, 9 kishi yengil jarohat olgan, binodan 250ga yaqin oila olib chiqilgan. Binoga yondosh imoratlardagi odamlar ham evakuatsiya qilingan.

Yong‘in binodagi restoranlardan birida boshlangan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Ma'lumot uchun, Sharja – BAAda Dubay va poytaxt Abu-Dabidan keyingi uchinchi eng yirik shahar bo‘lib, Dubay-Sharja-Ajman metropolisining bir qismi sanaladi.

Top