22:22 / 06.05.2020
6322

Nyu-York metrosi dezinfeksiyalash uchun tarixda ilk bor bir necha soatga yopildi

Nyu-Yorkda 6 mayga o‘tar kechasi tarixda ilk bor metro yopildi. Metro dezinfeksiyalash ishlarini o‘tkazish uchun yopilgan.

Foto: Getty Images

Bu haqda NY1 telekanali xabar berdi.  

Metro poyezdlari tungi soat 1dan 5gacha harakatlanishdan to‘xtagan.

Metro o‘rniga yo‘lovchilar uchun 61 ta avtobus yo‘nalishi tashkillashtirilgan. Avtobuslar tungi vaqtda metrodan foydalanadigan 11 mingga yaqin kishini tashish uchun birinchi navbatda tibbiy markazlarga yaqin hududlarga yo‘naltirilgan.

Bunday choralar, ya'ni metroni tunda dezinfeksiyalash ishlari ehtimol bir necha oy davom etishi mumkin.
 
“Agar qayerdadir atobuslar qatnovini ko‘paytirish zarurligini ko‘rsak, biz buni qila olamiz”, deb aytgan shaharning transport departamenti rahbari Sana Feynberg.
 
Ilk yo‘lovchilarni yer ustidagi stansiyalarda 1868 yildan, yer ostidagi stansiyalarda 1904 yildan qabul qila boshlagan Nyu-York metrosi dunyodagi eng yirik metrolardan biri hisoblanadi. Undagi yo‘nalishlarning umumiy uzunligi 1370 kmni, vagonlar soni 6400 dan ko‘proqni tashkil qiladi. Metrodan ish kunlari 5,6 mlnga yaqin kishi foydalanadi. Biroq koronavirus pandemiyasi vaqtida yo‘lovchilar oqimi 90 foizga qisqargan.

Nyu-York shahri joylashgan Nyu-York shtati koronavirusga chalinishlar soni bo‘yicha AQShda yetakchilik qilmoqda. Bu yerda koronavirusga chalinganlar soni 319 mingga yetgan, undan vafot etganlar 19 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top