07:59 / 07.05.2020
6247

Tramp Eronga kuch qo‘llashini taqiqlovchi rezolyutsiyaga taqiqlov qo‘ydi

AQSh prezidenti Donald Tramp kongressning unga Eronga qarshi harbiy kuch qo‘llashni taqiqlovchi rezolyutsiyasiga taqiqlov qo‘ydi.

Foto: Carlos Barria / Reuters

Bu haqda Oq uy ma'lum qildi.

“Bu juda haqoratomuz rezolyutsiya edi. Uni demokratlar respublikachilar o‘rtasida nifoq solish va buning evaziga 3 noyabrdagi saylovlarni yutishdan iborat bo‘lgan strategiya doirasida tuzgan. Bu rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan bir necha respublikachi demokratlarga jo‘r bo‘lgan”, deb aytilgan Tramp bayonotida.

AQSh prezidentining fikricha, rezolyutsiya mualliflari vaziyatni tushunib yetishmagan. Trampning ta'kidlashicha, AQSh Eronga shundoq ham kuch qo‘llamaydi, AQSh maxsus operatsiyasi davomida Eronning “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning Iroqda yo‘q qilinishi esa qonuniy bo‘lgan. Jumladan, operatsiyaga Iroqda harbiy kuch qo‘llash haqidagi rezolyutsiya bilan ruxsat berilgan.

“Bundan tashqari, ushbu rezolyutsiya prezidentning AQShni hamda uning hamkorlari va ittifoqdoshlarini himoyalashdagi imkoniyatlarini kuchli cheklagan bo‘lardi. Rezolyutsiya prezident muqarrar hujumdan himoyalanish uchungina harbiy kuchni qo‘llashga qonuniy huquqqa egaligini ko‘zda tutgan. Bunga esa umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp.

AQSh prezidentining tushuntirishicha, dunyoda AQSh uchun ko‘plab xavflar mavjud va ular vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib bormoqda. “Konstitutsiyada prezidentda oldinroq harakat qilish va tezkor hamda qat'iy javob harakatlari amalga oshirish uchun imkoniyat bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan. Aynan shuni men qilganman [Sulaymoniy vaziyatida]”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan AQSh prezidenti. 

2020 yil yanvarda Qosim Sulaymoniy yo‘q qilingandan keyin AQSh kongressi Trampning Eronga qarshi harbiy harakatlarini cheklashga qaror qilgan. Kongressmenlar bunday cheklovlarsiz Tramp urush boshlashi mumkin, deb hisoblashgan. 

AQSh prezidenti kongress ruxsatisiz urush olib bora olmaydi. Biroq u qonunchilik hokimiyati bilan kelishmagan holda xorijda ko‘lam va vaqt bo‘yicha cheklangan harbiy amaliyotlar o‘tkazish huquqiga ega. 

Mavzuga oid
Top