21:05 / 08.05.2020
27973

Tomsiz va toksiz qolgan Olot: kuchli shamol oqibatlari qanday bartaraf etilmoqda?

27 aprel kuni Turkmaniston hududidan kirib kelgan kuchli shamol Buxoro va Navoiy viloyatlariga qattiq zarba berdi. Tabiiy ofat uylarning tomini uchiribgina qolmasdan, elektr va gaz ta'minoti liniyalarini ham uzib tashlagan.

Buxoro viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh Olot, Qorako‘l va Romitan tumanlarida ayniqsa talafot katta bo‘lgan. Shuningdek, Kogon va Shofirkon tumanlarida ham zarar ko‘rganlar bor.

Olot tumani sari bor ekanmiz, Qorako‘l tumanidan o‘tuvchi yo‘l ustidayoq kuchli shamol oqibatlarini ko‘rish mumkin edi — aksariyat uylarning tomi uchib ketgan.

Olotda esa butkul boshqacha manzara ustidan chiqdik. Bu yerda tomiga zarar yetmagan uy qolmagandi hisob.

Biz Olotga borgan 4 may kuni qattiq yomg‘ir boshlanib qoldi. Ayrim uylarning tomida ishlayotgan ustalar ham ishni vaqtinchalik yig‘ishtirishga majbur bo‘lishdi.

Yomg‘ir kuchaygandan kuchaya boshladi. Shamoldan aziyat ko‘rgan mahallalarda bo‘ldik. Tomi qayta yopilishga ulgurilmagan uylardan chakka o‘ta boshlagan edi.

Yana bir kottejda istiqomat qilayotgan yosh oila davlat tomonidan yordam sifatida taxta va profnastil ajratilgani, biroq ustalar masalasida muammo bo‘lib turganini aytdi. To ustiga vaqtincha tashlangan kleyonka ham ularni chakka o‘tishidan saqlab qololmadi.

Bunday tabiiy ofatni hech kim kutmagani rost. Uning oqibatlari juda ayanchli. Ayniqsa, Olot tumanida. Shuning uchun ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha viloyat shtabi shu tuman markazidagi sport majmuasida joylashgan.

Majmua stadionida (prezident Sh.Mirziyoyev shu yerda mahalliy aholi vakillari bilan uchrashgan edi) shifer, oyna, taxta kabi qurilish materiallari aholiga ro‘yxat bo‘yicha paydar-pay tarqatilmoqda.

Dastlab shu yerda aholi vakillari bilan gaplashib turgan Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Jumayevga qilinayotgan ishlar bo‘yicha murojaat qildik.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Olot tumanida 15 mingdan ortiq oilaning 1 million kvadrat metrdan ortiq tom yopma qismi tiklanishi kerakligi aytib o‘tdi. Shuningdek, talafot ko‘lamiga ko‘ra, uch xil daraja shakllantirilgani, Olot tumani va Qorako‘l tumanining bir qismi eng katta talafot ko‘rgani sababli birinchi navbatda shu hududlarga yordam berilayotganini ma'lum qildi. Ayni paytda tabiiy ofat oqibatlaridan tozalash ishlari yakunlangani, bunda mahalliy aholining o‘zi, viloyatdagi ko‘ngilli tashkilotlar, yoshlardan iborat ko‘ngillilar katta yordam bergani aytib o‘tildi.

Olot tumani hokimi Nargiza Ne'matova bilan tumanda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gaplashdik.

Hokim aholining kayfiyati yaxshi ekani, odamlar davlatning qo‘llovini his qilib turishganini aytib, hozircha faqat Olot shahrida elektr liniyalari tiklangani, boshqa joylarga elektr energiyasi hanuz uzatilmagani ham tiklash ishlari biroz sekin borishiga sabab bo‘layotganini aytib o‘tdi. Chunki duradgorlar ishlatadigan stanok va asboblar elektr tokida ishlaydi.

Hozir Olotda tom yopadigan ustalar yetishmayotgani ham bor gap. Bu masalada viloyat hokimi o‘rinbosari Y.Jumayev ishlarni tezlashtirish uchun 7ta tumandan ustalar jalb qilinayotgani, aholiga ustalar uchun sarflanayotgan pullar ham hisob-kitob bilan qoplab berilishini aytdi.

Viloyatda tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan katta-kichik sanoat korxonalari ham bor. Masalan, Qorako‘l tumanida ishga tushirilganiga 2 kun bo‘lgan, temir-beton buyumlari tayyorlaydigan «AMIRZODA TRADE» MChJga qarashli korxona devorlari va tomi kuchli shamolga dosh bermasdan yiqilgan. Tadbirkor Jasur Turdiyevning 680 tonna sementi yaroqsiz holatga kelish xavfi ostida qolgan.

U bankdan olgan kreditlarini muzlatish, imkoni bo‘lsa moddiy yordam berilishini so‘ramoqda.

Yosh tadbirkor bu borada tuman hokimi Sherali Salomovga murojaat qilganida hokim tadbirkorga hech qanday yordam berilmasligini ma'lum qilgan. Bunga sabab tadbirkor boshqa bir masalalarda (hali bu masalani ham alohida o‘rganamiz va yoritamiz — tahr.) tuman hokimi ustidan yuqori instansiyalarga shikoyat qilgan ekan.

4 may kuni Olotda ishlar birmuncha to‘xtab qolgan edi. 5 may kuni Quyosh charaqlab chiqib, ishlar yana jadallashtirildi. Ya'ni, tez kunlarda falokat oqibatlari to‘liq bartaraf etiladi.

Kun.uz tahririyatiga Buxoro viloyatining Kogon, Shofirkon kabi hududlaridan kelayotgan murojaatlarda odamlar ushbu tumanlarda ham shamoldan zarar ko‘rgan xonadonlar borligi, biroq mahalliy hokimlar hech qanday yordam ajratilmagani bois, mahalla raislariga odamlarni tinchlantirib turish vazifasi yuklatilganini bayon etishgan.

Shuningdek, shu Olot tumanida jabr ko‘rgan aholi o‘rtasida taqsimlanayotgan qurilish materiallarining sanog‘i va hisobini yuritishga mahalla oqsoqollari mas'ul qilib belgilangani, ayrim mahallalarda mahalla raislari tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yishayotganini bildirishgan.

Bunday murojaatlar Olot safaridan qaytganimizdan keyin tahririyatga kelib tushdi. Ular bo‘yicha mutasaddilarning fikrini bilishga ulgurmadik. O‘ylaymizki, ushbu maqoladan so‘ng Buxoro viloyatidagi mutasaddilar Olot va Qorako‘l tumanlarining aholisi bilan chegaralanib qolmasdan, qolgan tumanlardagi jabrdiydalarga ham e'tibor qaratib, vaziyatni nazoratga olishadi va hech kimni norozi qilishmaydi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Faxriddin Hotamov, tasvirchi

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top