08:09 / 08.05.2020
25920

Yanvar-aprel oylarida pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valuta hajmi ochiqlandi

2020 yilning yanvar-aprel oylarida ichki valuta bozoridagi holat barcha segmentlarda xorijiy valutaga bo‘lgan talab va taklif hajmining o‘sishi sharoitida shakllandi.

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valuta mablag‘lari hajmi 1,3 mlrd.AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 161 mln.AQSh dollariga yoki 11 foizga kamaydi, deyiladi Markaziy bank sharhida.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyi davomida xalqaro pul o‘tkazmalaridan jami 250 mln.AQSh dollari kelib tushib, ushbu ko‘rsatkich mart oyiga nisbatan 15 foizga kamaydi. Bunda oyning oxirgi o‘n kunligida xalqaro pul o‘tkazmalarining o‘rtacha kunlik hajmi oyning birinchi va ikkinchi dekadalariga nisbatan 1,7 barobarga oshishi kuzatildi (6,7 mln. AQSh dollardan 11,5 mln. AQSh dollariga).

Ichki valuta bozoridagi operatsiyalarning umumiy hajmi 5,4 mlrd.AQSh dollarini tashkil etib, 2018 va 2019 yillarning tegishli davrlariga nisbatan mos ravishda 1,8 va 1,3 barobarga o‘sdi.

2020 yilning dastlabki 4 oyi davomida yuridik shaxslarning chet el valutasiga bo‘lgan talabi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 barobarga o‘sib, 4,2 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi (2019 yil yanvar-aprel oylari - 3,9 mlrd. AQSh doll.).

Mazkur davrda birjadan tashqari valuta bozorida xo‘jalik sub'yektlari tomonidan 1 063 mln. AQSh dollari miqdorida chet el valutasi sotib olingan bo‘lsa (2019 yil yanvar-aprel – 939 mln. AQSh doll.), valuta birjasidagi operatsiyalar hajmi 3,1 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi (2019 yilning dastlabki 4 oyida – 2,8 mlrd. AQSh doll.).

Valuta bozorida chet el valutasini sotib olish maqsadlari tarkibida asosiy ulush (63 foizi) ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 22 foizi – xalq iste'moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 12 foizi – xorijiy kreditlarni so‘ndirish, 1 foizi – xorijiy investorlar repatriatsiyasi va qolgan 2 foizi – boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.

2020 yilning yanvar-aprel oylarida ichki valuta bozorida chet el valutasini xarid qilgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning o‘rtacha oylik soni 6 183 tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (5 460 ta) nisbatan 723 taga ko‘paydi.

Hisobot davrida jismoniy shaxslar tomonidan valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali sotilgan chet el valutasi miqdori 1,5 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, avvalgi yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobar oshdi (2019 yilning dastlabki to‘rt oyi - 884 mln. AQSh doll.). Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan 1166 mln. AQSh dollari sotib olinib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (346 mln. AQSh doll.) nisbatan 3,4 barobar oshdi.

Shu bilan birga, joriy yilning aprel oyi so‘nggi o‘n kunligida jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan valuta mablag‘larining kunlik o‘rtacha hajmi birinchi va ikkinchi dekadalardagi o‘rtacha kunlik hajmlarga nisbatan 2,5 barobar o‘sib, 9,6 mln. AQSh dollarini tashkil etdi (birinchi va ikkinchi dekadalarda - 3,8 mln. AQSh dollari).

Mavzuga oid
Top