10:45 / 09.05.2020
37862

Prezident, islohotchi, «telba». Saakashvili yana katta siyosatda

Foto: Zuma/TASS

Shvetsiyalik futbolchi Zlatan Ibrahimovich milliy jamoasi bilan 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmagach, shunday degandi: «Men bormayotgan jahon chempionatining nimasini tomosha qilasiz? Uni kutishdan ma'no yo‘q». Yo‘q, Zlatan bu gaplarni kibr bilan emas, shunchaki hazil uchun gapirgandi. Ammo Zlatansiz futbol biroz zerikarli ekanini futbolni yaxshi ko‘radigan har qanday muxlis tasdiqlashi mumkin. Dunyo siyosatida ham Zlatan kabi g‘alati va ayni damda doim intriga paydo qila oladigan inson bor: Mixail Saakashvili.

 

So‘nggi vaqtlarda uni gruziyalik yoki ukrainalik deyishni ham bilmay qoldik. Chunki o‘z vaqtida Gruziyada prezident bo‘lgan Saakashvili keyinchalik o‘z vatani fuqaroligidan mahrum qilingandi. Keyin u Ukrainada ham katta lavozimlarda ishlab, fuqarolik oldi. Ko‘p o‘tmay bu avvalgi prezident Poroshenko uni mamlakat fuqaroligidan mahrum qildi. Poroshenkodan keyin Ukrainada hukumatni qo‘lga olgan Vladimir Zelenskiy esa Saakashviliga mamlakat fuqaroligini qaytarib, «bonusiga» butun boshli qo‘mitaga rahbar etib tayinladi.

Saakashvilini rus tashviqoti sabab bizda ham ko‘pchilik yomon odam deb tasavvur qilishi mumkin. Aslidachi, u chindan shunchalik yomon siyosatchimi? Ismi doim islohot degan so‘z bilan yonma-yon ishlatiladigan Saakashvili Zelenskiyga nega kerak bo‘lib qoldi?

Avvaliga Saakashvili qandan lavozimga tayinlangani haqida. Zelenskiy uni Ukraina prezidenti huzuridagi milliy islohotlar kengashi tarkibiga kiruvchi islohotlar bo‘yicha ijroiya qo‘mitasi rahbari etib tayinlandi. Nomi uzun bu tashkilot qisqasini aytganda, Ukrainada islohotlar bilan shug‘ullanishi kerak. Islohotlar Zelenskiy uchun juda muhim soha, axir xalq uni «Sluga naroda» filmidagi prezident Vasiliy Goloborodko siymosida olib borgan islohotlar sabab saylamaganmidi?! Qaysidir ma'noda, Zelenskiy filmda qilgan ishlarini hayotda ham amalga oshirish uchun Saakashvilini yordamchi sifatida taklif qildi.

Milliy islohotlar kengashi 2014 yil sobiq prezident Petro Poroshenko tomonidan tuzilgan va kengashning vazifasi sifatida mamlakatda muhim islohotlarni o‘tkazish belgilangandi. Kengash rahbari mamlakat prezidenti hisoblanadi va aynan prezident kengash a'zolarini tanlaydi.

Kengash Poroshenko vaqtida 28 marta yig‘ilish o‘tkazgan. So‘nggi uchrashuv 2018 mart oyida bo‘lib o‘tgan. Kengashning eng mashhur yig‘ilishi 2015 yil dekabrida bo‘lgan. O‘shanda Odessa gubernatori hisoblangan Saakashvili va mamlakat ichki ishlar vaziri Arsen Avakov o‘rtasida janjal kelib chiqib, ular bir-biriga stakandagi suvlarini sepishgacha borgandi.

Arsen Avakovning Mixail Saakashvili bilan janjali videosi ichki ishlar vazirining sahifasida e'lon qilingandi
FACEBOOK ARSEN AVAKOV

Katta ehtimol bilan bu ikki «to‘polonchi» yana kengash a'zolari safiga kiritiladi.

Amalga oshmagan tayinlov

22 aprel kuni Saakashvili Zelenskiyning bosh vazirning islohotlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallash bo‘yicha taklifini qabul qilganini aytgandi. Saakashvilining aytishicha, Zelenskiy unga Kiyev hamda Xalqaro valuta jamg‘armasi o‘rtasidagi muloqotlarda qatnashish imkonini berishni istagan. Shuningdek, Gruziya sobiq prezidentining aytishicha, Zelenskiy unga soliq islohoti, shuningdek, kichik va o‘rta biznes yuritish shartlarini yengillashtirish ishlarida «kurator» bo‘lishini ham taklif qilgan.

Zelenskiy Saakashvilining bu gaplarini izohlamadi. Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, prezidentning hukumatdagi vakolatlari ancha cheklangan. Masalan, u kimnidir bosh vazir o‘rinbosarligiga tavsiya qila olmaydi, bu hukumat rahbari bo‘lgan bosh vazirning vakolati. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigel ham bu masalada fikr bildirgani yo‘q.

Nima bo‘lganda ham, Saakashvili Ukraina hukumati tarkibiga kiritilmadi. Ma'lum bo‘lishicha, uning nomzodi parlamentda yetarlicha ovoz olmagan. Garchi parlamentda Zelenskiyning «Sluga naroda» partiyasi vakillari ko‘pchilikni tashkil qilsa ham.

Shu sababli Zelenskiy parlamentni Saakashvilini hukumat tarkibiga kiritishga ko‘ndirish o‘rniga unga yangi lavozim topib bera qoldi. Saakashviliga lavozim taqdim etilishi Ukrainaga muammo keltirib chiqarishni ham boshladi. Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariya Saakashvilining hukumat tarkibiga kiritilishini keskin qoralagandi: «Strategik sherigimiz bizning mamlakatda og‘ir jinoyatda ayblanib, ayni damda qidiruvda bo‘lgan insonga lavozim berishi biz uchun tushunarsiz holat». Gruziya bosh vaziri bunday holatda Tbilisi Kiyevdagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirishga majbur bo‘lishini aytgandi.

Elchi baribir chaqirildi. Saakashvili to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumat tarkibiga kirmaydigan lavozimni egallab, islohotlar bo‘yicha ijroiya qo‘mitasiga rahbar etib tayinlangan bo‘lsa-da, Gruziyaning Ukrainadagi elchisi Teymuraz Sharashenidze maslahatlashuv uchun Tbilisiga qaytarildi.

Ikkinchi marta

Shu tariqa Saakashvili ikkinchi marta Ukraina siyosatiga kirdi. U birinchi marta 2014 yilda, universitetdagi sobiq tanishi, o‘sha vaqtda Ukraina prezidenti bo‘lgan Petro Poroshenkoning taklifi bilan Kiyevga borgandi. Aynan Poroshenkoning farmoni bilan Saakashviliga Ukraina fuqaroligi berilgandi. U dastlab prezident maslahatchisi bo‘lgan holatda korrupsiyaga qarshi keskin chiqishlar qilgandi. Masalan, Saakashvilining hujumiga uchragan mamlakat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk keyinchalik iste'foga chiqarilgandi.

Keyin Saakashviliga Odessa viloyati gubernatorligi ishonib topshirildi. Bu lavozimda Saakashvili o‘zini Ukrainaga olib kelgan Poroshenkoni ham «yuzing-ko‘zing demay» ayamay tanqid qila boshladi. Uni gubernatorlikdan chetlatishgach, prezident Poroshenkoning impichmentini talab qilib, norozilik aksiyalarida faollik ko‘rsatdi. «Pichoq suyakka qadalgach» Poroshenko Saakashviliga o‘zi bergan Ukraina fuqaroligi o‘zi bekor qildirdi.

Petro Poroshenko farmoni bilan Ukraina fuqaroligini yo‘qotgach Saakashvili Polsha chegarasi orqali qaytib kelgandi

Hech qaysi mamlakat fuqaroligisiz qolgach, Saakashvili Polshaga ketgandi. Ammo u yaqingacha Odessada yashagani aytiladi.

«Telba» islohotchi

Saakashvili siyosatga inqilob bilan kirib kelgandi. O‘ziga xos «atirgul inqilobi» nomini olgan revolyutsiya sabab Eduard Shevardnadze iste'foga chiqqan va muxolifatchi Saakashvili rahbariyatga kelgandi. U xalqni mamlakat islohotlarga muhtoj ekaniga ishontira olgandi. Butun dunyo Saakashvilining ishlarini qo‘pol qilib aytganda og‘iz ochib tomosha qilardi, chunki u chindan noodatiy qarorlar qabul qilardi.

Siz masalan, «kriminal avtoritetlar va reket» to‘g‘risida qonun bo‘lishini tasavvur qila olasizmi? Saakashvili mana shunday qonun qabul qilgandi. Yevropaning tinch-totuv mamlakatlaridan birida bo‘lsa ham mayli edi, Saakashvili mashhur o‘g‘rilar ko‘chada qirollardek yuradigan, odamlar ryukzaklarini shilib ketishmasliklari uchun oldi tomonga taqib yuradigan, haydovchilar mashina akkumulyatorini o‘g‘irlab ketmasliklari uchun o‘zi bilan uyiga olib kirib ketadigan Gruziyada shunday qonun qabul qilgandi.

Bu qonunga ko‘ra, kim o‘zining «vor v zakone» ekanini tan olsa, qamoqqa olinardi. «O‘g‘rilar etikasi»ga ko‘ra esa, «vor v zakone» ekanini tan olmaslik nomussizlikka kirgan. Shu tariqa Gruziyada 300dan ortiq kriminal avtoritet qo‘lga olinadi. Qizig‘i, shunga o‘xshash qonun o‘tgan yil Rossiyada ham qabul qilindi. Tarixda esa bu qonun bevosita Saakashvili nomi bilan qoldi.

Gruziya politsiyasidagi islohotlar sabab bu mamlakatda politsiyaga ishonch darajasi keskin oshdi, chunki islohotlar politsiyachilarning o‘z ishiga bo‘lgan qarashigacha o‘zgartira olgandi. Jamoat tartibini saqlashda xizmat qiladigan politsiyaning o‘zgarishi bevosita turizmga ham ijobiy ta'sir qildi.

Saakashvili va jamoasining Gruziya ta'lim va soliq tizimidagi islohotlari ham o‘z samarasini berib, mamlakat yiliga 12 foizlab iqtisodiy o‘sishga erishgandi. Xullas, Saakashvili islohotlarni qanday olib borishni biladi. Zelenskiy esa Ukrainada chinakam islohot qilmoqchi. Saakashviliga yetarli imkon berilsa, u bu ishni eplaydi. Chunki u o‘zini islohotlar uchun tug‘ilgan deb hisoblaydi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Top