00:19 / 13.05.2020
4709

Germaniya hukumati 15 iyungacha chegaralarni to‘liq ochishni mo‘ljallamoqda - OAV

Germaniya kansleri Angela Merkel Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron va Avstriya kansleri Sebastyan Kurs bilan chegaralarni ochish masalasini muhokama qilgan.

Foto: AP

Germaniya hukumati koronavirus pandemiyasi sababli yopilgan qo‘shni davlatlar bilan chegaralarini 15 iyungacha ochish va nazoratdan butkul voz kechishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligidagi manbalariga tayanib Bild gazetasi xabar berdi.

Nashrning xabariga ko‘ra, hukumat o‘z rejalari to‘g‘risida kelasi haftada rasman ma'lum qiladi. Nazorat o‘rniga oddiy tekshiruvni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. 

Germaniya kansleri Angela Merkel Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron va Avstriya kansleri Sebastyan Kurs bilan chegaralarni ochish masalasini muhokama qildi, deb yozadi gazeta. 

Merkel vazirlar mahkamasi yig‘ilishida Parij chegaradagi odatiy rejimga qaytishga hozircha tayyor emasligini, ammo iyun o‘rtalariga kelib ilgarigi tartibni tiklashni mo‘ljallayotganini aytgan.

Germaniya 16 martdan Avstriya, Daniya, Lyuksemburg, Fransiya va Shveytsariya bilan, keyinroq Belgiya, Niderlandiya, Polsha va Chexiya bilan chegaralarini yopgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top