09:39 / 13.05.2020
8272

Olinmay qolingan pensiya mablag‘ini tiklash muddatini uzaytirish taklif qilindi 

Olinmay qolingan pensiya mablag‘ini tiklash muddatini uzaytirish taklif etilmoqda.

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida olinmay qolingan pensiya mablag‘ini tiklash muddatini uzaytirish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga asosan pensionerga hisoblab chiqarib qo‘yilgan, lekin uning tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilganidan oldingi o‘n ikki oydan oshmagan davr uchun to‘lanishi belgilangan.

“Biroq, hozirgi kunda davolanishda yoki xorijiy davlatlarda bo‘lgan, 2 yoki 3 yildan ortiq muddatlarda pensiyalarini olmagan fuqarolar pensiya mablag‘larini to‘liq olish imkoniyatiga ega emas. Ushbu mablag‘larni talab qilgan vaqtingda esa to‘liq davr uchun to‘lab berilmaydi. Bir umr mehnat qilib, tegishli soliq va to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lasang, biroq qarigan vaqtingda o‘z pensiyangni to‘liq ololmasang alam qilar ekan. Mazkur holat ko‘plab pensionerlarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Shu sababli, “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga pensiya mablag‘larini olinmagan to‘liq davr uchun to‘lab berishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritish taklif qilingan.

Top