21:09 / 13.05.2020
25662

Surxondaryo viloyati hokimi vertolyotda olis tog‘ qishloqlariga bordi

Surxondaryo viloyati hokimi kuni kecha Sariosiyo tumanining olis Kundaijuvoz qishlog‘i aholisi bilan uchrashib qaytgan edi. To‘ra Bobolovning bu galgi safari Kundaijuvozdan ham olisdagi Chosh va Karsh qishloqlariga bo‘ldi.

Voha markazidan qariyb 300 chaqirim uzoqlikda joylashgan bu qishloqlarning birida 1650, ikkinchisida 450 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, deb yozadi viloyat hokimligi axborot xizmati. Tabiiyki, bu yerga hozircha vertolyotdan boshqa transportda borib bo‘lmaydi.

Bobolov joriy yilning yanvar oyida Choshda qator kishilarning murojaatlarini eshitgan edi. Shu murojaatlar ijrosi yuzasidan yangi maktab qurilishi joriy yilgi investitsiya dasturiga kiritildi, elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash maqsadida yangi transformator, qishloq vrachlik punktiga ikki nafar tibbiyot xodimi ajratildi. Kunlar isishi bilan qishloqqa eltuvchi va ichki yo‘llarni ta'mirlash ishlari boshlab yuboriladi.

Viloyat rahbarining bu galgi tashrifida karshliklar qishloqqa olib keluvchi yo‘llarni sozlash, ichki yo‘llarga tosh yotqizish, tibbiyot punkti binosini ta'mirlash hamda umumta'lim maktabiga kompyuter va zarur jihozlar ajratish bilan bog‘liq masalalarni o‘rtaga tashladi. Fuqarolar murojaatini belgilangan muddatlarda ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Shundan so‘ng To‘ra Bobolov kam ta'minlangan va nogironligi bor oilalar holidan xabar oldi, Chosh va karshliklar bilan birga ularga qo‘shni Istoch va Vochax qishloqlaridagi ehtiyojmand xonadonlarga 10 tonna un, 800 litr paxta yog‘i, 400 ta turli xildagi kiyim-kechak topshirildi.

Karsh qishlog‘idan 8 chaqirim chekkada bir nafar farzandi bilan og‘ir sharoitda yashayotgan, boquvchisini yo‘qotgan 60 yoshli Sh.Melikovaning yashash sharoiti bilan tanishgan viloyat hokimi mas'ullarga ularni tuman markazidan yangi uy-joy bilan ta'minlash to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi sektorlar rahbarlari Karsh qishlog‘iga olib keluvchi tog‘ yo‘llari holati bilan yaqindan tanishish maqsadida 14 chaqirim masofani yayov bosib o‘tdi.

Top