07:59 / 15.05.2020
11453

Turkiya Xitoydan Kiprga tibbiy yuk bilan uchgan samolyotni o‘tkazmagani sababini tushuntirdi

Xitoydan Kiprga koronavirus bilan qarshi kurash uchun zarur bo‘lgan tibbiy yuk bilan uchgan samolyot Turkiya hududidan o‘tkazilmaganiga parvoz uchun oldindan ruxsat olinmagani sabab hisoblanadi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi vakili Hami Oqsoy ma'lum qildi.  

Avvalroq Kipr transport, aloqa va sanoat vaziri Yannis Karusos Turkiya Xitoydan Kiprga gumanitar yuk bilan uchgan samolyotni o‘z hududi orqali o‘tkazmaganini ma'lum qilgandi. Samolyot bortida 36 tonna tibbiy yuk, jumladan himoya kiyimi, baxila, himoya niqoblari bo‘lgan. Samolyot uchuvchisi Turkiyaning rad javobidan keyin yo‘nalishni o‘zgartirib, Moskva aeroporti tomon uchishiga to‘g‘ri kelgan. Samolyot u yerda yonilg‘i to‘ldirib, Turkiyani chetlab o‘tgan holda Kipr tomon yo‘l olgan.  

“Bizning ma'lum siyosatimizga ko‘ra, Kiprga va Kiprdan yuk tashuvchi samolyotlarga mamlakatimiz orqali uchib o‘tishga va Turkiyada oraliq qo‘nishlar amalga oshirishga ruxsat berilmaydi. Biroq muayyan holatlarda bemorlarni evakuatsiya qilish, tibbiy yuk ortilgan va favqulodda qo‘nishi kerak bo‘lgan samolyotlar uchun istisno tariqasida ruxsat berilishi mumkin”, deb tushuntirgan Oqsoy. 

Uning ta'kidlashicha, Xitoydan uchgan samolyot parvozgacha Turkiya ustidan uchib o‘tish uchun ruxsat olmagan va Turkiya havo hududiga kirgachgina Larnakaga (Kiprdagi shahar) uchayotganini ma'lum qilib, uchib o‘tish uchun ruxsat so‘ragan.

“Bunda Kipr bilan bog‘liq parvozlarga cheklov standartlariga muvofiq, samolyotga havo hududimizdan foydalanishga ruxsat berilmagan. Agar parvoz uchun o‘z vaqtida ariza berilganda, samolyotda gumanitar yuk borligi inobatga olinib unga uchib o‘tishga ruxsat berilgan bo‘lardi”, deb qo‘shimcha qilgan Oqsoy.

U Kipr hukumatini ushbu amaliyotni bila turib, vaziyatdan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinayotganlikda ayblagan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top