14:13 / 16.05.2020
39792

«Sardoba» fojiasi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 4ta tergov versiyasi tekshirilmoqda - Bosh prokuratura

Sirdaryo viloyatida Xalqaro press-klubning sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Sardoba suv omboridagi hodisa haqida so‘z yuritilmoqda.

Hayot Shamsuddinov / Foto: Xalqaro press-klub

Tadbir davomida bosh prokurorning matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hayot Shamsuddinov tegishli ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

«Sardobadagi hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Sardobadagi obekt buyurtmachisi - «Sirdaryo qurilishinvest» DUK. Bu sobiq Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «15-sonli qurilayotgan obektlar birlashgan direksiyasi» bo‘la turib, bosh pudratchi sifatida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» UK qatnashgan. Qurilish ishlariga 28ta subpudratchilar jalb etilgan. Loyihachi sifatida «Uzgip» MChJ ishtirok etgan, loyihasi qiymati 1,2 trln so‘mni tashkil qilgan. Moliyalashtirish manbasi budjet mablag‘lari hisobidan bo‘lgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligining malakali va tajribali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tashkil qilingan. Jinoyat ishi bo‘yicha quyidagi asosiy tergov taxminlari, ya'ni versiyalar oldinga surilib, tekshirilmoqda:

1. Loyihalashdagi xatoliklar.
2. Qurilish me'yorlariga rioya etmaslik.
3. Ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar.
4. Tabiiy ofat.

Tergov taxminlarini tekshirish maqsadida, dastlabki tergov davomida jami 170 nafardan ziyod shaxslar tergov guruhi a'zolari tomonidan guvoh tariqasida so‘roq qilinib, suv omborini loyihalashtirish, qurilishi va ekspluatatsiya qilish jarayonlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar olindi. Jinoyat ishi doirasida 10tadan ortiq ekspertiza va laboratoriya tahliliy tadqiqotlar tayinlandi», - dedi Hayot Shamsuddinov.

 
«Sardoba» fojiasi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 4ta tergov versiyasi tekshirilmoqda - Bosh prokuratura

«Sardoba» fojiasi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 4ta tergov versiyasi tekshirilmoqda - Bosh prokuratura 👉 https://kun.uz/54260498

Posted by Kun.uz on Saturday, May 16, 2020

Shu jumladan, suv ombori to‘g‘oni loyihaga mos ravishda qurilgani, eksplutatsiya qoidalariga rioya etilgani, hisobotlarda aks ettirilgan eksplutatsiya xarajatlari va ularning haqiqatda bajarilgani, moliyaviy xo‘jalik hisobotlari to‘g‘ri yuritilgani tekshirilmoqda. To‘g‘onning hozirgi holatini o‘rganish, suv va tuproqning fizik xossalarini aniqlash maqsadida taftish va nazorat o‘lchovlari taiynlangan.

Qurilish ishlaridagi materiallarning sifatini aniqlash maqsadida sudga oid qurilish-texnikaviy ekspertiza tayinlangan. Bundan tashqari, jinoyat ishi bo‘yicha 25 tadan ziyod tegishli idora vakillaridan iborat mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, hozirda tadqiqotlar olib borilmoqda. Gidrotexnik inshootlarni qurish va ekspluatatsiya qilish sohasi mutaxassislarini jalb qilgan holda to‘g‘onning ichki va tashqi qismi ko‘zdan kechirilib, unga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan holatlar ham o‘rganilmoqda.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top