14:09 / 16.05.2020
10717

Sardoba toshqinidan 7ta qabriston, 3ta masjidga zarar yetgani aytildi

«Yuksalish» umummilliy harakati Sirdaryo viloyati «Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat oqibatida hudud ijtimoiy infratuzilmasiga yetgan talafot ko‘rsatkichlarini ma'lum qildi.

Unga ko‘ra, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi jami 34ta ijtimoiy soha obekti qisman va to‘liq darajada zarar ko‘rgan.

9ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 14ta maktab, 1ta kasb-hunar kolleji binosi, 4ta sog‘liqni saqlash muassasasi mukammal ta'mirlanadi. Shuningdek, 2ta maktab va 3ta tibbiyot muassasasini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Zarar ko‘rgan hududda yangi 1ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 1ta maktab, 1ta tibbiyot muassasasi qurilishi rejalashtirilgan.

Talafot ko‘rgan joylarda jami 7ta qabriston va 3ta masjidga zarar yetgan bo‘lib, ularning hududini suvdan tozalash, sanitariya va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 

Shuningdek, profilaktika inspektorlarining 6ta xizmat uylariga talafot yetgan bo‘lib, ular Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ta'mirlanadi.

Ma'lum qilinishicha, texnogen ofat oqibatida 282ta tadbirkorlik sub'yekti (53ta yuridik va 90ta yakka tartibdagi tadbirkorlar)ning 143ta mulki zarar ko‘rgan. Tadbirkorlik sub'yektlarining to‘liq ro‘yxatini shakllantirish, zarar yetgan mulklarning sug‘urtalanganligini aniqlash, mustaqil tashkilotlar tomonidan zarar yetgan obektlarni baholash ishlari olib borilmoqda.

Hozirgacha amalga oshirilgan harakatlarga ko‘ra, suv bosgan 25ta aholi punktining 13tasi suvdan, 20tasining hududi chiqindilardan tozalangan. 4 586ta uy chiqindilardan tozalanib, suvdan tozalangan xonadonlarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top