09:41 / 16.05.2020
8323

XTV tizimi tashkilotlari tomonidan 192,2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan

Joriy yilning 14 may kuni Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida xalq ta'limi vaziri o‘rinbosarining «Xalq ta'limi vazirligi tizimida 2018-2019 yillarda budjetdan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi hamda 2020 yilgi xarajatlarni maqbullashtirish imkoniyatlarini aniqlash bo‘yicha» axboroti eshitildi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Parlament saytida xabar qilinishicha, Hisob palatasi tomonidan bu borada o‘rganishlar o‘tkazilgan edi. Uning natijasi bo‘yicha aniqlangan holatlarni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlamaslik yuzasidan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 28 ta taklif ishlab chiqilib, tegishli vazirlik, tashkilot va idoralar hamkorlikda mazkur takliflarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, Xalq ta'limi vazirligiga uni tasdiqlash va amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.

Shundan kelib chiqib, parlament quyi palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan xalq ta'limi tizimiga ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli va samarali ishlatilishi, ajratilayotgan mablag‘ga yarasha natijadorlikka erishish masalalari o‘rganildi va tahlil qilindi.

O‘tkazilgan o‘rganish natijasida Xalq ta'limi vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan jami 192,2 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma'lum bo‘ldi.

Tizim tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar tahlili natijasida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga rioya etmagan holda 56 mlrd. so‘mlik shartnomalar tuzilgan.

Bundan tashqari, umumta'lim maktablarini ta'mirlash hamda jihozlash uchun ajratilgan 27,8 milliard so‘m budjet mablag‘lari samarasiz sarflanganligi va Xalq ta'limidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larining 21 milliard so‘mlik qismi noto‘g‘ri sarflanishi hamda 34,9 milliard so‘mlik boshqa xato va kamchiliklar aniqlandi.

Aniqlangan xato va kamchiliklarning 27,1 mlrd. so‘mlik qismi o‘rganish jarayonida bartaraf etildi.

Qo‘mita ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida Hisob palatasining takliflarini yana bir bor ko‘rib chiqib, ularni takomillashtirish lozimligiga e'tibor qaratdi. Deputatlar sport zallari mavjud bo‘lmagan maktablar uchun sport zallari qurish muddatlari, buning uchun talab etiladigan mablag‘lar va moliyalashtirish manbalarini aniqlash yuzasidan taklifni ilgari surdilar. Shuningdek, darsliklar to‘plamlarini ijaraga berish tizimini soddalashtirish va ularni chiqarish bo‘yicha xarajatlarni to‘laqonli qoplash maqsadida barcha sinflar va ta'lim tillari uchun darsliklar to‘plamlarining ijara to‘lovi miqdorini bir xilda qo‘llash bo‘yicha bildirilgan taklifni amaliyotga joriy etish maqsadga muvofiq emasligini ta'kidladilar. Qo‘mita a'zolarining fikricha, barcha sinflar uchun darsliklar ijarasini bir xil - 31-32 ming so‘m deb, ayrim sinflar uchun ikki yarim barobargacha oshirib belgilash o‘rniga darsliklarni ikki qismdan chop etish orqali ularning foydalanish muddatlarini ikki barobarga uzaytirish, natijada darsliklar ijarasida 40-70 milliard so‘mgacha iqtisod qilish mumkinligi aytib o‘tildi.

Qo‘mita Hisob palatasi tomonidan tayyorlagan ma'lumotnoma va unda ko‘rsatilgan Xalq ta'limi tizimida budjet xarajatlarini 2018-2019 yilda bajarilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, buning uchun mas'ul shaxslarga nisbatan qat'iy choralar qo‘llanishi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilik ommasiga vazirlik saytida ma'lumotlar berib borilishi belgilandi. Kelgusida bu kabi kamchiliklarning oldini olish maqsadida inson omilini kamaytirish, dasturiy vositalarni keng qo‘llash, barcha sohalarga raqamlashtirish tizimini joriy etish zarurligi aytib o‘tildi.

Top