17:55 / 17.05.2020
36984

Dunyo koronavirus tufayli nimalarni yoddan chiqardi: yo‘qolmagan besh muammo

Covid-19 pandemiyasi insoniyatni anchadan beri qiynab kelayotgan jiddiy muammolarga soya soldi, ammo ularni ertami-kechmi baribir hal qilishga to‘g‘ri keladi.

Foto: Reuters

Bu ajablanarli emas: epidemiya butun dunyoga ta'sir ko‘rsatdi, odamlar hayotiga tahdid solmoqda, nafaqat epidemiyaga qarshi tor ma'nodagi kurash bilan bog‘liq, balki butun jamiyat hayotiga tegishli ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda. 

Koronavirus tufayli kun tartibidan tushgan ba'zi muammolarni hal qilishga allaqachon kech. Qolganlari esa dolzarb bo‘lib qolmoqda yoki yanada chigallashmoqda.

Ba'zi hukumatlar barchaning diqqati Covid-19'ga qaratilganidan o‘zlarining uzoq yillik niyatlarini amalga oshirishda foydalanishmoqda.

BBC kelgusi hafta va oylarda har qanday bo‘lmasin biror usul bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan beshta asosiy muammoni esladi. 

Yangi yadro poygasi xavfi
Rossiya-Amerika strategik qurollarni qisqartirish shartnomasi (SNV-3) muddati kelasi yil fevral oyi boshida tugaydi. Bu «sovuq urush» davridan meros qolgan qurollarni nazorat qilish bo‘yicha so‘nggi yirik bitim.

Tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan uni uzaytirish mumkin, ammo bu uchun yetarli vaqtning o‘zi qolmadi.

AQSh va Rossiya prezidentlari o‘tgan yilgi uchrashuv vaqtida / REUTERS

Agar bu amalga oshmasa, haqiqiy tahlikalar paydo bo‘ladi, agar tiyilish yo‘qligi va shaffoflik yetishmovchiligi kuzatilsa, yangi yadro bilan qurollanish poygasi boshlanadi. Xavf yangi maxfiy qurollarning, masalan, parvoz paytida nayrang qila oladigan yuqori sezgir raketalar paydo bo‘lishi tufayli ortmoqda.

Yangi keng qamrovli hujjatni ishlab chiqish uchun vaqt qolmadi. Rossiya yuridik jihatdan murakkab bo‘lgan shartnomani yangilashga tayyorligini sezdirmoqda.

Biroq, AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati, agar Xitoy unga qo‘shilmasa kelishuvdan chiqib ketish istagida, Pekin tomonidan esa eng mitti intilish ham kuzatilmayapti.

Shunday qilib, agar Vashington so‘nggi daqiqada fikrini o‘zgartirmasa yoki Oq uyga yangi xo‘jayin kelmasa, strategik hujum qurollari tizimi tarixga aylanadi. 

Eron atrofidagi keskinlik oshishi
AQShning Qo‘shma kompleks harakat rejasi deb nom olgan Eron yadro dasturiga oid kelishuvdan 2015 yilda chiqib ketishi sababli yuzaga kelgan mojaro uni yanada keskinlashtirmoqda. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Eronga bir qator zamonaviy qurol-aslaha yetkazib berishga embargosi o‘z kuchida qolmoqda. Uning amal qilish muddati joriy yilning 18 oktyabrida tugaydi. AQSh uni uzaytirish istagida. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bunday harakatning og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishini allaqachon e'lon qilgan.

Hasan Ruhoniy BMT qurol yetkazib berishga taqiq qo‘yishidan xavfsiramoqda / HO VIA AFP

To‘g‘ri, Rossiya bunga, katta ehtimol bilan veto qo‘yadi. Bunday holda, Oq uy Yevropadagi ittifoqchilari Eron shartnomani bajarishdan bosh tortgan taqdirda unga nisbatan keng ko‘lamli iqtisodiy sanksiyalarni tiklashni nazarda tutuvchi 2015 yilgi shartnoma bandini kuchga kiritishiga umid qilmoqda.

2018 yil may oyida AQSh «harakatlar rejasidan» chiqib ketdi va shu vaqtdan beri Tehronga bosimni kuchaytirdi. Eronliklar bunga javoban shartnomaning ko‘plab bandlarini buzishdi, ammo har doim ham qaytarib bo‘lmaydigan tarzda emas. 

G‘ayrioddiy manzara paydo bo‘lmoqda: AQSh sanksiyalar tahdidi ostida Erondan o‘zi chiqib ketgan shartnomani bajarishni talab qilmoqda. Barak Obama ma'muriyatining yuqori martabali bir mulozimi ta'kidlaganidek, ular pirogga ham egalik qilishmoqchi, ham uni yeyishmoqchi.

Natijada Amerikaning Eron bilan munosabatlari yanada yomonlashmoqda va yevropalik ittifoqchilar bilan nizo ehtimoli bor. Shu bilan birga, amaldagi qurol embargosi Eronni Yaqin Sharq mintaqasidagi xatti-harakatlarini o‘zgartirishga majburlay olmadi va mijozlarni qurollantirish qobiliyatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmadi.

Isroil G‘arbiy sohilni anneksiya qilishni rejalashtirmoqda
Isroilda saylov marafoni yakunlandi. Bosh vazir Benyamin Netanyahu bir qator hujumlarga duch kelgan bo‘lsa ham, asosiy muxolif partiyalardan biri bilan vakolatlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim tufayli o‘z lavozimini saqlab qoldi.

O‘ziga nisbatan yig‘ilib qolgan huquqiy ta'qiblar tahdidiga qaramay va ehtimol qisman shu sababli – Netanyahu Iordanning G‘arbiy sohilini anneksiya qilish va uni Isroilning doimiy qismiga aylantirishni o‘z ichiga olgan qarama-qarshi millatchilik dasturini ilgari surmoqda. 

AQShning pozitsiyasi G‘azo bo‘yicha muzokaralarda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin
REUTERS

Bu Donald Trampning tinchlik rejasida qayd etilgan bo‘lsada, Falastinda ikki davlatni barpo etish istiqboli birdaniga va bir umrga barbod bo‘lishiga olib keladi. Ko‘pchilik unda Isroil va Falastin o‘rtasidagi doimiy tinchlikka bo‘lgan yagona zaif umidni ko‘rishda davom etmoqda. 

Falastinliklar yuqori oshkoralik bilan norozilik bildirmoqda, ba'zi Yevropa hukumatlari xavotirlarini bayon etmoqda, ba'zilari esa Isroilga sanksiyalar bilan tahdid qilishmoqda. Ammo har doimgidek AQShning pozitsiyasi hal qiluvchi bo‘ladi. Ular Isroilga yashil chiroq yoqishadimi yoki tiyilishni maslahat berishadimi?

Suriyaning Jo‘lan tepaliklarinining anneksiya qilinishi Amerika tomonidan qo‘llab-quvvatlangani va AQSh elchixonasining Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishi Netanyahuni ruhlantirgani aniq.

Hozirga qadar Vashingtondan qarama-qarshi signallar kelmoqda. Taxminlarga ko‘ra, unga Falastin davlati bo‘yicha muzokaralarni boshlash evaziga G‘arbiy sohilning qismlarini anneksiya qilish ma'qullanishi taklif qilingan.

Ayrim tahlilchilar fikricha, Netanyahu G‘arbiy sohildan millatchilik elektoratini jalb qilish mavzusidan foydalangan holda endi ortga qaytishi mumkin, amerikaliklarning pozitsiyasi esa unga yordam beradi, chunki Isroilning toshday qattiq millatchilari Falastin davlatiga har qanday shaklda qarshi turishadi.

Breksit: hali ham kun tartibida
Ko‘pchilik bu so‘zni deyarli unutgan. 

Ammo, vaqt yaqinlashmoqda: 31 dekabr kuni Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining kelgusi munosabatlar to‘g‘risida kelishib olishlari kerak bo‘lgan o‘tish davri nihoyasiga yetadi. 

Boshlangan muzokaralar dastlabki bosqichda edi va hozir ular deyarli to‘xtab qolgan. Boris Jonson hukumati yangi yildan keyin ularni uzaytirish imkoniyati haqida ishora ham qilmayapti.

Koronavirus pandemiyasi yangi vaziyatni yuzaga keltirdi: undan chiqish yillar davom etadigan iqtisodiy inqiroz barchaga tahdid solmoqda. 

Va nihoyat, inglizlar bu mavzudan charchashdi. 

YeIning Covid-19 inqiroziga nisbatan birinchi reaksiyasi ittifoqni uncha ham yoqimli bo‘lmagan vaziyatga duchor etdi, vaholanki so‘nggi vaqtlarda uning safi kengaygandi. Buyuk Britaniya ham bu o‘rinda yaxshi o‘rnak bo‘la olmadi. 

Buyuk Britaniya YeIni keskin tanglik muhitida tark etmoqda. Bu ikkala tomonning murosaga moyilligini kuchaytiradimi?

PA MEDIA

Hozircha tomonlar umumiy til topa olishmayapti. Bryussel yaqin iqtisodiy aloqalarni, har ikki tomon uchun muhim bo‘lgan katta miqdordagi savdo-sotiqni qo‘llab-quvvatlashni talab qilmoqda va buning uchun Britaniya adolatli raqobat kafolatlanishi uchun Yevropa Ittifoqining ba'zi qoidalariga amal qilishi kerak. 

London Bryusselni Birlashgan Qirollik endi to‘liq mustaqil davlat ekanligi va u bu mustaqillikning biror qismini qurbon qilishni istamasligini haligacha anglamayotganini aytmoqda.

Muayyan muhim sohalar bo‘yicha muzokaralar ham boshi berk ko‘chada, masalan baliqchilik. 

Buning ortidan esa London boshqa iqtisodiy va diplomatik savollarga javob berishga majbur bo‘ladi. Ular Amerika bilan qay darajada bog‘liq? Xitoyga qarshi qancha uzoq tura olish mumkin?

Endi tanlov avvalgiga qaraganda og‘irroq bo‘ladi.

Iqlim

GETTY IMAGES

Pandemiyaga qarshi kurash jahon hamjamiyatining, ehtimol, eng ulug‘vor va murakkab global muammoni — iqlim o‘zgarishini birgalikda hal qilish qobiliyatini sinash uchun sinov maydoni sifatida qaralishi mumkin. 

Xalqaro hamkorlik borasida tajriba juda chalkash. Va epidemiyadan keyin ham qoladigan qiyinchiliklar muammoni faqat murakkablashtiradi. 

Noyabr oyida Glazgoda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim konferensiyasi allaqachon kelgusi yilga ko‘chirildi. Ammo gap, albatta, muzokaralar jarayonini qayta tiklash bilan bog‘liq emas. 

Ong holati qanday o‘zgaradi? Qadimgi ahamiyatlilik va shoshilinchlik hissi qaytadimi? Yangi dunyo tartibi iqlim jabhasida tezkor taraqqiyotga qancha hissa qo‘shadi? Bu savollar hanuz javob kutmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top