09:12 / 18.05.2020
13533

Endilikda shaxsni ushlash va himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shart

Endilikda shaxsni ushlash, himoyachidan voz kechish, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish kabi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart.

Foto: Mariana Bazo/Reuters

Prezident “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 7 aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020 yil 11 mayda ma'qullangan.

 O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2013–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 52-moddasi birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritishning istalgan paytida himoyachidan voz kechishga haqlidir. Bunday voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va himoyachining ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan advokat taklif etish orqali ta'minlanadigan real imkoniyat mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi, bunda advokat o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan keyin himoyadan voz kechilganligini tasdiqlaydi. Himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shart. Himoyachidan voz kechganlik haqida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuziladi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qo‘yiladi. Videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinadi. Bunda himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilmaydi».

91-moddasi to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Quyidagi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart:

1) o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish;

2) tintuv;

3) ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish;

4) tergov eksperimenti;

5) shaxsni ushlash;

6) himoyachidan voz kechish;

7) shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish»;

quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Ushbu modda to‘rtinchi qismining 5, 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etish ushbu Kodeksda belgilangan xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi».

217-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi, sud esa qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki ekspertiza o‘tkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qo‘llaganida shaxsga nisbatan qo‘llanilgan protsessual majburlov chorasi hamda uning ushlab turilgan joyi to‘g‘risida darhol oila a'zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma'lum qilishi shart.

Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uy qamog‘iga yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi bo‘lsa, bu haqda darhol O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar berilishi shart. Xabarnomaning ko‘chirma nusxasi ishga ilova qilinadi».

224-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turishning ushbu Kodeksning 221-moddasida ko‘rsatilgan asoslaridan bittasi mavjudligini bevosita aniqlasa yoki boshqa shohidlarning so‘zlaridan aniqlasa:

1) o‘zini tanishtirishi va ushlab turilgan shaxsning talabiga ko‘ra o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi;

2) gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini ma'lum qilishi;

3) ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi;

4) ushlab turilgan shaxsga u bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi;

5) ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishi shart.

Ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yishni amalga oshirishga haqlidir. Shaxsiy tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish to‘g‘risidagi bayonnoma ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng xolislar hozirligida tuzilishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlarni bajarishni kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi. Mazkur qoida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ binosida amalga oshiriladigan ushlab turishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan holda, ichki ishlar organi xodimi yoki boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxs yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so‘ng videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirishi shart. Ushlab turilgan shaxsga videoyozuv uni namoyish qilish orqali tanishtiriladi.

Shaxsni yalang‘ochlash bilan bog‘liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish taqiqlanadi.

Ushlab turish, shaxsiy tintuv qilish yoki olib qo‘yish bayonnomasiga protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida yozib qo‘yilib, videoyozuv materiallari bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi.

Agar ushlangan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, gumon qilinuvchining huquqlari unga tarjimon ishtirokida birinchi so‘roqqa qadar tushuntirilib, bu haqda bayonnomaga yozib qo‘yiladi.

Vakolatli shaxslar va fuqarolar qonunga xilof yoki asossiz ushlab turganlik yoxud ushlash vaqtida vakolatlari doirasidan chetga chiqqanlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi».

225-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Ushlab turilgan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organning navbatchisi yoki boshqa xodimi ushlab turish bayonnomasini boshliqning ko‘rsatmasiga binoan darhol tuzishi, unda quyidagilarni ko‘rsatishi kerak:

1) bayonnoma tuzilgan joy va vaqtni;

2) ushbu shaxsning kimligi, kim tomonidan, qachon, qanday holatlarda, qonunda ko‘rsatilgan qanday asoslarga ko‘ra ushlanganligini;

3) ushlangan shaxs qanday jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganligini;

4) ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga qaysi vaqtda olib kelinganligini;

5) shaxsiy tintuv qilish va olib qo‘yish natijalarini (ular o‘tkazilgan bo‘lsa);

6) ushlashning videoyozuv orqali qayd etilganligi (u o‘tkazilgan bo‘lsa), ushlangan shaxsning videoyozuv materiallari bilan tanishganligi, shuningdek shaxsni ushlash vaqtida foydalanilgan vositalarning texnik xususiyatlarini. Bayonnomani ushlab turishning asosliligini tekshirish vazifasi topshirilgan ichki ishlar organi xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimi, ushlab keltirgan vakolatli shaxs yoki fuqaro, ushlangan shaxs va xolislar imzo chekib, tasdiqlaydi».

Top