01:18 / 18.05.2020
14560

Orbitaga Pentagonning o‘ta maxfiy shattli uchirildi

Foto: ULA

Atlas V raketasi 17 may kuni AQSh harbiy-havo kuchlari kosmik qo‘mondonligining o‘ta maxfiy shattli X-37B bilan orbitaga uchirildi. Ta'kidlanishicha, uchuvchisiz shattl razvedka uchun mo‘ljallangan.

Bu haqda parvozni amalga oshirgan United Launch Alliance (ULA) kompaniyasi xabar berdi. 

Raketa parvozi Kanaverel burnidagi 41-start maydonchasidan AQShning sharqiy sohili vaqti bilan 9:14da amalga oshirilgan.

Dastlab parvoz 16 may kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgandi, biroq yomon ob-havo sababli bir kunga qoldirilgan.

Norasmiy manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, shattl o‘zga sun'iy yo‘ldoshlarni kuzatib, zarurat bo‘lganda ularni yo‘q qila oladigan fazoviy kema texnologiyalarini tekshirish uchun mo‘ljallangan. Shattl orbitalarni tezda o‘zgartirishi va harakatlanishi, kichik yuklarni orbitaga yetkazishi va Yerga qaytarishi mumkin.   

O‘zida samolyot va fazoviy kemani birlashtirgan shattlga tajribalarni o‘tkazish imkoniyatini oshirish uchun ishchi modul o‘rnatilgan. Bu tajribalardan aksariyati maxfiylashtirilgan.

Pentagonning rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, X-37B bortida AQSh harbiy-dengiz kuchlarining ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi uchun quyosh energiyasini radiochastotaviy mikroto‘lqinli energiyaga aylantirish bo‘yicha tajriba o‘tkaziladi hamda bu energiyaning Yerga uzatish imkoniyati o‘rganiladi. 

Shuningdek, shattlda NASA uchun radiatsiya va boshqa fazoviy hodisalarning materiallarga va ovqatga ishlatiluvchi o‘simliklar urug‘iga ta'sirini o‘rganish bo‘yicha ikkita tajriba o‘tkaziladi. Bundan tashqari, mini-shattl AQSh harbiy-havo kuchlari akademiyasi yaratgan kichik o‘lchamdagi FalconSat-8 sun'iy yo‘ldoshini orbitaga chiqaradi. 

Uzunligi 9 metrni, qanotlari qulochi 4,5 metrni tashkil qiluvchi X-37B shattli 2010 yildan beri orbitada maxfiy tajribalarni o‘tkazish uchun 5 ta parvoz amalga oshirgan.

Oxirgi marta u orbitada 780 kun qolib, fazoda qolish bo‘yicha o‘z rekordini yangilagandi: u 2017 yil orbitaga jo‘natilib, Yerga 2019 yil oktyabrida qaytgan.

Mavzuga oid
Top