23:25 / 19.05.2020
38383

Samarqandda yana 6 kishida virus aniqlandi, Toshkentda bemorlar soni xorijdan olib kelinayotganlar hisobiga o‘smoqda

19 may kuni O‘zbekistonda jami 64ta yangi zararlanish holati qayd etildi va 24 nafar bemor tuzaldi. Shu vaqtgacha 2338 bemor sog‘aygan, ayni vaqtda shifoxonalarda 504 bemor davolanmoqda. Respublika bo‘yicha davolanish ko‘rsatkichi 82 foizni tashkil etmoqda.

SSV ma'lumotiga ko‘ra, bugun qayd etilgan yangi kasallanish holatlarining 57tasi xorijdan kelgan fuqarolar bilan bog‘liq - 14 may kuni Sankt-Peterburgdan charter reys orqali kelgan 44 kishida virus aniqlangan, shuningdek, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi hisoblangan 8 kishiga va 15 may kuni Qozog‘istondan kelgan 5 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Bugun Samarqandda yana 6 kishida virus aniqlangan va bu viloyatdagi kasallanish holatlari soni 281taga yetgan. Shu vaqtgacha bemorlarning 175 nafari tuzalib chiqqan, bir bemor vafot etgan, ayni vaqtda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 105 bemor davolanmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahrida karantinga olinganlar orasida bitta holat qayd etilgan.

Bugun Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 17 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 7 nafar, jami 24 nafar bemor butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top