13:47 / 19.05.2020
4120

Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota bo‘yicha ariza berish muddatlari va kim tomonidan berilishi belgilandi

Yovvoyi hayvonlarning sonini hamda ovlangan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish, shuningdek, ularning turlarini tartibga solish aniqlashtirildi hamda yovvoyi hayvonlar o‘rtasida yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha normalar kiritildi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2020 yil 19 may kuni Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Ovchilik va ov xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi 2019 yil 21 noyabr kuni quyi palata majlisida ikkinchi o‘qishda 26-moddagacha ko‘rib chiqilgan hamda loyihaning keyingi moddalariga oid ayrim savollar paydo bo‘lgani uchun qo‘mitaga qaytarilgan, ular ustida ishlab so‘ngra palata majlisiga qayta kiritish taklif etilgan edi.

Majlisda ishchi guruhi bilan deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar o‘rganib chiqilib, tegishli o‘zgartishlar kiritilgani ta'kidlab o‘tildi. Qonun loyihasida alohida moddalar keltirilgan asosiy tushunchalar tegishli moddalarning o‘ziga singdirilgani sababli, modda ham, tushunchalar ham loyihadan chiqarib tashlanmoqda. Shuningdek, yovvoyi hayvonlar sonini va ularning ovlanishini hisobga olishni bitta moddada berilishi munosabati bilan qonun loyihasidagi ayrim moddalar birlashtirildi.

Deputatlar tomonidan ko‘tarilgan yana bir masala — ovchi Ovchilar va baliq ovchilari sport birlashmasi a'zoligiga majburiyligi haqidagi norma loyihadan chiqarib tashlanganligi ushbu hujjatning ahamiyatli jihatlaridan biri. Bu me'yor yalpi majlisning avvalgi muhokamalarida qizg‘in ko‘rib chiqilgan hamda e'tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Shuningdek, tabiiy suv havzalarida baliqlarni umumiy foydalanish tartibida ovlash masalasida ko‘tarilgan savol bo‘yicha ham qonun loyihasiga tegishli o‘zgartish kiritilib, noaniqliklar bartaraf etilgan.

Qayd etilganidek, yovvoyi hayvonlarning sonini hamda ovlangan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish, shuningdek, ularning turlarini tartibga solish aniqlashtirildi hamda yovvoyi hayvonlar o‘rtasida yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha normalar kiritildi.

Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota bo‘yicha ariza berish muddatlari va kim tomonidan berilishi belgilandi.

Xalqaro tajribani inobatga olgan holda halqasi, mikrochipi, yorliqchasi, tamg‘asi bo‘lgan yovvoyi hayvonlar tutilganda ovchilik xo‘jaligining vakolatli shaxsiga yoki Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organiga, ular tomonidan keyinchalik Fanlar akademiyasiga taqdim etish uchun axborot tayyorlanishi aks etdi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Top