19:09 / 22.05.2020
83507

Navoiyda aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari ortmoqda. Vazirlik hushyorlikka chaqirdi

Navoiy viloyatida so‘nggi kunlarda epidemiologik vaziyat og‘irlasha boshladi. Viloyatda so‘nggi ikki haftada jami 64ta yangi zararlanish holati qayd etilgan va birorta ham bemor tuzalib chiqmagan.

Navoiyda bugun hozircha 15 kishida virus aniqlandi, so‘nggi uch kunda jami 37 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, viloyatda qayd etilayotgan holatlar xorijdan kelganlar bilan bog‘liq emas, kasallar xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida emas, aholi orasida aniqlanmoqda.

Hozirda bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar belgilangan tartibda qat'iy karantinga olingan.

Ma'lum qilinishicha, Zarafshon shahri kasallik o‘chog‘i bo‘lib turibdi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Navoiy viloyatida aholi orasida koronavirusga chalinishlar soni ortayotganiga e'tibor qaratib, aholini karantin tadbirlari birmuncha yumshatilganidan to‘g‘ri xulosa chiqarib, hamisha hushyor bo‘lishga chaqirdi.

«Ayni paytda Navoiy viloyatida 66 nafar koronavirusga chalingan bemorlar qayd etilib, ularning barchasi ushbu hududda kasallikka chalingan, ularning orasida xorijdan kelganlar yo‘q. Shundan 2 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 64 nafari davolanmoqda. Navoiy viloyati bor yo‘g‘i 3 foiz sog‘ayish ko‘rsatkichi bilan kasallikdan davolanish bo‘yicha mamlakatimizda eng so‘nggi o‘rinda bormoqda. Vaholanki, yurtimizda sog‘ayish ko‘rsatkichi 81 foizdan oshgan.

Karantin qoidalariga qat'iy rioya etilmaganligi oqibatida viloyatda so‘nggi ikki haftada kasallikka chalinganlar soni keskin oshdi. Misol uchun, 20 may kuni 17 nafar, 21 may kuni 5 nafar qayd etilgan bo‘lsa, bugun soat 10:00 holatiga yana 15 nafar fuqaroda kasallik tasdiqlanib, viloyatda so‘nggi uch kunda virus yuqtirganlar 37 nafarga ko‘paydi. Kasallik tarqalishining asosiy o‘chog‘i Zarafshon shahri bo‘lib turibdi.

Shundan kelib chiqqan holda, Navoiy viloyati, shuningdek, boshqa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanayotgan boshqa hududlarda karantin qoidalarini kuchaytirish, Milliy gvardiya, Mudofaa va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamda mahalliy hokimlik vakillari bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni samarali davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ayni holatda nafaqat Navoiy yoki Samarqand viloyatlari, balki respublikaning barcha hududlaridagi aholi ham hushyor bo‘lishi, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishi talab etiladi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi, yana bir bor, karantin qoidalariga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, jamoat joylarida to‘planmaslik, qo‘llaringizni tez-tez va yaxshilab yuvish, qo‘lni ko‘krakka qo‘yib salomlashish, tibbiy niqob taqishda davom etish kabi qoidalarga qat'iy amalga qilishlaringizni so‘raydi. 

Shuningdek, muborak Ramazon hayiti bayrami arafasidamiz. Vazirlik ushbu muqaddas kunda guruh-guruh bo‘lib, xonadonma-xonadon yurishlarni cheklash, turli marosimlarni o‘tkazmaslikni qat'iy so‘rab qoladi. Chunki atrofimizda kasallikka chalinganlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Demak, siz ham kasallikka chalinishingiz, uyga kelib, oila a'zolaringizga yuqtirishingiz ehtimoli kattaligini aslo unutmang. Bu esa juda jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Koronavirus yuqtirib olishning ehtimoliy xavfidan o‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling», deyiladi vazirlik ogohlantirishida.

Ma'lumot uchun, Navoiyda ilk holatlar 31 mart kuni aniqlangandi. Ularning biri 25 aprel kuni tuzalgandi, 4 may kuni ikkinchi bemor ham sog‘ayib chiqqan va Navoiy koronavirusdan xoli hududga aylangandi.

6 may kuni Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra Navoiy «yashil» hudud sifatida belgilandi.

Ammo 8 mayda Navoiy shahrida karantin tadbirlari yanada kuchaytirilgani xabar qilindi.

9 may kuni viloyat hududida yangi kasallanish holatlari aniqlana boshladi.

9 may kuni respublikadagi hududlar shahar va tumanlar kesimida «yashil», «sariq» va «qizil» hududlarga ajratildi. Unga ko‘ra, Navoiyning biror hududi «qizil» hudud sifatida belgilanmagandi - Zarafshon shahri va Xatirchi tumani «sariq» hududlar qatoriga kiritilgan, viloyatning boshqa qismlari esa «yashil» hududlar sifatida qoldirilgan.

Respublika maxsus komissiyasining 14 maydagi qarori bilan O‘zbekistonda amaldagi karantin talablari 2020 yil 1 iyunga qadar uzaytirildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top