11:24 / 23.05.2020
18421

Shavkat Mirziyoyev Pokiston rahbariyati va xalqiga hamdardlik bildirdi

Pokistonda Pakistan International Airlines aviakompaniyasiga tegishli Airbus 320 rusumli yo‘lovchi samolyot halokatga uchradi 

Foto: AR/TASS

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Karachi shahrida ro‘y bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Pokiston Islom Respublikasi prezidenti Orif Alvi va Bosh vaziri Imron Xonga ta'ziya maktubi yo‘lladi. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari Pokiston xalqiga, marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.

Pokistonda Pakistan International Airlines aviakompaniyasiga tegishli Airbus 320 rusumli yo‘lovchi samolyot halokatga uchradi. Layner Lohurdan Karachiga parvozni amalga oshirayotgan bo‘lgan. Samolyot Karachidagi «Jinna» aeroporti yaqinida, qo‘nish vaqtidan bir daqiqa oldin aholi uylari ustiga qulab tushgan.

Hodisa sababi hozircha ma'lum emas. Pakistan International Airlines rahbari, aviatsiya vitse-marshali Arshad Malik uchuvchi dispetcherlarga texnik nosozlik haqida xabar berganini ma'lum qildi.

Top