00:02 / 29.05.2020
49773

«Men bo‘g‘ilib qoldim». Amerikaliklar politsiya oyog‘i ostida halok bo‘lgan afroamerikalik uchun ko‘chaga chiqdi

Minneapolis shahrida 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floydni qo‘lga olishdagi shafqatsizlik uning o‘limiga olib keldi - politsiyachi qo‘lga olingan shaxsning bo‘ynini tizzasi bilan bosib uni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ydi. Federal tergov byurosi politsiyachining hatti-harakati bo‘yicha ish ochgan, 4 nafar politsiyachi ishdan bo‘shatilgan, ammo bu minglab namoyishchilar ko‘chaga chiqishining oldini ololmadi.

Foto: Zuma/TASS

Minneapolis bir necha kundan buyon isyon qilmoqda
Floydning o‘limi xabariga javoban Minneapolisda politsiya zo‘ravonligi va irqiy tengsizlikka qarshi namoyishlar boshlanib ketdi. Ular politsiya bo‘limi binosi oldiga marsh qilib kelishdi. Ularning aksari «Men bo‘g‘ilib qoldim» yozuvli (Floyd o‘limi oldidan shu so‘zlarni takrorlagan) niqoblar taqishgan. Ayrim namoyishchilar politsiya mashinalariga graffitilar chizishdi va politsiya bo‘limiga toshlar uloqtirishdi. Politsiya to‘planganlarni tarqatish uchun rangli granatalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘lladi.

Chorshanba kuni namoyishlar yana davom etdi. Kechga borib namoyishchilar politsiya bo‘limini o‘rab olishdi va derazalarni sindirishdi. Politsiya yana ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz hamda rezina o‘qlar qo‘lladi. Bundan tashqari, shaharda tartibsizliklar, talonchilik va binolarga o‘t qo‘yish boshlanib ketdi: Minneapolis markazida bir necha yirik yong‘in ro‘y berdi, ko‘plab do‘konlar to‘liq yonib ketdi.

Minneapolisdagi namoyishlar yana bir kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Namoyishlarning ikkinchi kunida lombard egasi do‘konni tunamoqchi bo‘lgan tajovuzkor namoyishchilarni o‘qqa tutdi. Natijada bir kishi jarohatlanib, shifoxonada jon berdi. Politsiya gumonlanuvchini qo‘lga olgan.

Pandemiyaga qaramay Minneapolis ko‘chalariga yuzlab kishilar chiqishdi / GETTY IMAGES
Ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan jabrlangan namoyishchiga yordam ko‘rsatilmoqda
Foto: Stephen Maturen / Getty Images

Hukumat harbiylardan yordam so‘radi
Minneapolis hukumati AQSh Milliy gvardiyasidan yordam so‘ragan. Minnesota shtati hukumati shaharga yordam sifatida qo‘shimcha politsiya guruhlarini yo‘llagan, endi harbiylar ham shaharga kirishi kutilmoqda.

Shahar meri Jyeykob Frey avvalroq shahar ahliga murojaat qilgandi: «Iltimos, Minneapolis, biz bu fojia navbatdagi fojiaga olib kelishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. (...) Biz sizdan tinchlikni saqlab bizga yordam berishingizni so‘raymiz».

Minneapolisda namoyishchilar ustiga gaz purkalmoqda
Foto: Stephen Maturen / Getty Images
Namoyishchilar Minneapolisdagi politsiya mahkamasi oldidagi bino yonishini tomosha qilishmoqda
Foto: Nicholas Pfosi / Reuters

Tartibsizliklar Los-Anjyelesda aks-sado berdi
27 may kuni shahar ko‘chalariga Black Lives Matter («Qora tanlilar hayoti ham muhim») harakatini qo‘llab-quvvatlovchilar chiqishdi. Namoyish tinch boshlandi va kun davomida tartibsizlikka aylandi, bir necha kishi politsiya mashinalariga hujum qilib, derazalarni sindirishdi. Keyin mahalliy aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari o‘rtasida jiddiy to‘qnashuvlar kelib chiqdi, namoyishchilar shahar politsiyasi boshqarmasi binosi tomon yurish qilishdi. Ayrim joylarda AQSh bayroqlari yoqilgan. Bundan tashqari, ayrim guruhlar avtomobil yo‘llarini to‘sib qo‘yishgan.

Jorj Floyd qanday halok bo‘ldi?

25 may kuni huquq-tartibot organlari xodimlari voqea joyiga soxta chek orqali to‘lov qilishga urinish holati haqidagi chaqiruv bo‘yicha yetib kelishgan. Gumonlanuvchi oziq-ovqat do‘koni ro‘parasidagi mashinadan topilgan – bu 46 yoshli qora tanli qorovul Jorj Floyd edi. Uni mashinadan tushirishgan va qo‘liga kishan taqib, politsiya mashinasi tomon olib kelishgan. Mashina oldida afroamerikalik asfaltga yotqizilgan, politsiyachilardan biri qo‘pollik bilan tizzasi bilan uning bo‘ynidan bosib turgan.

Minneapolisdagi holat videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi / DARNELLA FRAZIER

Huquq-tartibot organlari bayonotiga ko‘ra, u qo‘lga olish vaqtida qarshilik ko‘rsatgan. Ammo bu voqeaga guvohlar yo‘q. Ofitserlarda bodi-kameralar bo‘lgan, yozuvlar tergovchilar tomonidan tekshiruv uchun olingan.

Internetda tarqalgan videoda esa voqeaning so‘nggi qismi aks etgan, unda oq tanli politsiyachi yerda yotgan shaxsni tizzasi orqali bo‘ynidan bo‘g‘ish uslubini qo‘llayotganini ko‘rish mumkin.

Atrofda odamlar to‘plana boshlaydi va politsiyachini Floydni bo‘g‘ishni to‘xtatib, uning yurak urishini tekshirib ko‘rishga chaqirishadi.

Videoda ko‘rish mumkinki, Floyd bir necha marta «Men bo‘g‘ilib qoldim! Bo‘g‘ilib qoldim!» deya takrorlaydi va o‘zini o‘ldirmaslikni so‘raydi. U nafas olish uchun o‘rnidan ko‘tarilishga urinadi, ammo politsiyachi bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Floydning burnidan qon oqa boshlaydi, yig‘ilganlar uni qo‘yib yuborishni so‘rashadi va unda hayot alomatlari to‘xtaganini aytishadi. Hibsga olingan shaxsga zudlik bilan yordam ko‘rsatish kerakligi haqidagi chaqiriqlarga qaramasdan, politsiyachi oyog‘ini uning bo‘ynidan olmaydi. Bir necha daqiqadan keyin tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelishadi, hushsiz holatdagi Floyd zambilga solinib, shifoxonaga olib ketiladi, ammo u yerda uning o‘limi qayd etiladi.

Floydning do‘stlari va tanishlari ishonch bilan aytishicha, u qonunga bo‘ysunuvchi fuqaro va mas'uliyatli inson bo‘lgan. «U ulkan mehribon edi, hech kimni xafa qilmasdi», deydi uning ukasi. Marhumning singlisi esa boshqa ko‘plab namoyishchilar kabi politsiyachilar qotillik uchun qamalishi kerakligini aytmoqda.

Politsiyachilar ishdan bo‘shatildi
Floydni bosib turgan politsiyachi Derek Shovin 19 yildan buyon politsiyada ishlab kelgan. Voqea joyida undan tashqari yana uch nafar politsiyachi bo‘lgan. Ularning barchasi ishdan bo‘shatildi. Federal tergov byurosi Floydning o‘limi bo‘yicha tekshiruv boshladi, hodisada fuqarolik huquqlari buzilishi alomatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, politsiyachilar hamkasblariga gumondor «giyohvand moddalar ta'siri ostida bo‘lgani» haqida aytishgan. Ular Floyd qo‘lga olish vaqtida faol qarshilik ko‘rsatgani haqida aytishgan, ammo internetda tarqalgan videoda bu o‘z isbotini topmagan. Shuningdek, politsiya Floydning sog‘ligida muammolar bo‘lganini qayd etgan.

Minneapolis federal politsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, hodisaga aloqadorlarning barchasi tergov bilan hamkorlik qilishmoqda. Shuningdek, sobiq politsiyachilarni tekshiruv yakuniga qadar ayblashdan tiyilishga chaqirilgan.

Minneapolis meri Jyeykob Frey politsiyachilar ishdan bo‘shatilishi qarorini qo‘llab-quvvatlagan va Floydning oilasidan hamda shahardagi barcha qora tanli fuqarolardan uzr so‘ragan

Avvalroq u matbuot anjumani vaqtida bu hodisani butkul sharmandalik deb atagandi. U politsiyachilarda Floydga bunday shafqatsizlik qilishga asos bo‘lmaganini ta'kidlagan.

«Bu har qanaqasiga noto‘g‘ri ish bo‘lgan. Amerikada qora tanli bo‘lish o‘lim hukmini anglatmasligi kerak», degan Frey.

Politsiyachilar ishdan bo‘shash bilan qutulishmadi. Federal tergov byurosi politsiyachilarning harakatlari yuzasidan ish ochdi.

6 yil oldin ham shunday ish bo‘lgandi
Bu hodisa boshqa bir afroamerikalik Erik Garner ishini eslatib yubormoqda. 2014 yilning 17 iyulida Nyu-Yorkda oq tanli politsiya zobiti Deniyel Pantaleo qora tanli Erik Garnerni qo‘lga olish davomida bo‘g‘uvchi uslubni qo‘llagandi. Bu hodisa ham videoga olingan. Astmadan aziyat chekkan 43 yoshli Garnerning so‘nggi so‘zlari «Men nafas ololmayapman» bo‘lgandi. Garnerning qo‘lga olinishiga u ko‘chada bir necha marta o‘tkinchilarga noqonuniy ravishda sigaret sotgani sabab bo‘lgandi. Pantaleo yakunda jinoiy ayblovdan qutulib qolgandi: u shunchaki ishdan bo‘shatilgan. Keyinchalik u bunday qaror uchun shahar bilan sudlashgan.

Shundan so‘ng «Men bo‘g‘ilib qoldim» iborasi AQShda qora tanlilarga politsiya tomonidan zo‘ravonlik ishlatilishiga qarshi namoyish qiluvchi faollar shioriga aylangan.

Bu so‘nggi vaqtlarda politsiyachilar tomonidan afroamerikaliklarga qarshi birinchi shafqatsizlik holati emas. Biroz avvalroq Merilendda zobit patrul mashinasidan turib qora tanli yigitni otib tashlagani shov-shuv bo‘lgandi.

Tizza orqali bo‘g‘ish uslubi - Minneapolis politsiyasida ruxsat berilgan qiynoq usullaridan biridir. Seshanba kuni politsiya shefi Medariya Arradondo «tinchlantirish usullari» qayta ko‘rib chiqilishini aytib o‘tdi. FTB hozircha bu borada izoh bermadi.

Minnesotalik senator Emi Klobushar barcha tomonlarni sinchkovlik bilan mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

«Mamlakatimiz va jamoatchiligimiz nomidan bu inson va uning oilasiga adolat namoyish etilishi kerak», deyilgan senatorning bayonotida.

«Men bo‘g‘ilib qoldim» iborasi 2014 yilda Erik Garnerning o‘limidan keyin politsiya zo‘ravonligiga qarshi kurashda milliy shiorga aylangandi.

U noqonuniy sigaret sotishda gumonlanib qo‘lga olinganida qurolsiz bo‘lgan va politsiya uni qiynoqqa solayotganida 11 marta ushbu iborani takrorlagan. Bu uning so‘nggi so‘zlari bo‘lgan. Keyinchalik patologoanatlar unga nisbatan qo‘llangan bo‘g‘ish usuli o‘limga sabab bo‘lganini qayd etishgan.

Garnerni qo‘lga olishda ishtirok etgan politsiyachi faqat 5 yil o‘tib, 2019 yil avgustida ishdan bo‘shatilgan.

Qora tanli o‘spirin o‘limi Fergyusonda ham namoyishlarga sabab bo‘lgandi

2014 yil avgustida oq tanli politsiyachi Darren Uilson Fergyuson shaharchasida qora tanli o‘spirin Maykl Braunni otib o‘ldirgandi. Ushbu hodisa ham ommaviy namoyishlarni keltirib chiqargan, ushbu qotillik bo‘yicha jinoiy ish ochilmagani esa namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvlariga sabab bo‘lgandi. 2015 yilda Uilson aybsiz deb topilgach, namoyishlar davom etgandi. Bundan tashqari, 2016 yilda Braunning o‘limiga ikki yil to‘lganida ham tartibsizliklar bo‘lib o‘tgan, hukumat okrugda favqulodda holat e'lon qilishga majbur bo‘lgandi.

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top