13:25 / 29.05.2020
14582

O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha mustaqil qo‘mita tuzilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda ushlab turish, hibsda saqlash, tergov va jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha mustaqil qo‘mita tashkil etilishi mumkin. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma'lum qildi.

«2019-2021 yillarda O‘zbekiston jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, shuningdek tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida «Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qiynoqning oldini olish qo‘mitasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu qo‘mita huquqni muhofaza qiluvchi alohida organ, ya'ni insonning qiynoqdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini ta'minlash bo‘yicha respublika davlat boshqaruvi organi sifatida o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi, o‘z faoliyatida prezident va Oliy Majlis palatalariga hisobdor bo‘lishi belgilangan.

Hozirgi vaqtda qaror loyihasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan o‘rnatilgan tartibda kelishuvdan o‘tkazilmoqda. Yaqin kunlarda loyiha umumxalq muhokamasidan o‘tkazish uchun elektron tizimga joylashtiriladi», deya Svetlana Ortiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, loyihada quyidagilar qo‘mitaning asosiy vazifalari sifatida ko‘rsatilgan:

  •  jismoniy va yuridik shaxslarning qiynoqqa doir murojaatlarini ko‘rib chiqish;
  •  qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish;
  •  jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish;
  •  qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning o‘rni qoplanishini ta'minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
  •  qiynoq holatlari sodir etilishiga sharoit yaratgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlik masalasi hal etilishini ta'minlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, loyihada ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar sutkaning istalgan vaqtida telefon orqali, shu jumladan videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasining «call-markazi»ni tashkil etish belgilangan.

«Loyihaga ko‘ra Qiynoqning oldini olish qo‘mita qiynoqning oldini olish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas'ul davlat organi sifatida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi bilan birgalikda faoliyatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishi belgilangan.

Unga muvofiq, yangi qo‘mita ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar saqlanadigan joylarga muntazam ravishda monitoring tashriflarini amalga oshirishi, ushbu shaxslar bilan moneliksiz uchrashishi, uchrashish jarayonida tarjimon xizmatidan va ma'lumotlarni qayd etish uchun elektron vositalardan foydalanishi, shaxsni tibbiy, psixologik tekshiruvdan o‘tkazish uchun mutaxassislarni jalb qilishi, bundan tashqari, qiynoqdan himoyalanish huquqini ta'minlash masalasida yangicha dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan maxsus dastur bo‘yicha tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va jazoni ijro etish faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlarini har yili o‘qitishni yo‘lga qo‘yishi nazarda tutilgan», deydi Svetlana Ortiqova.

Top