22:41 / 01.06.2020
13566

AQSh va Xitoy yana savdo urushi yoqasida qoldi

Bunga AQShning Hongkongdagi vaziyat sababli Xitoyga nisbatan sanksiyalar kiritish to‘g‘risidagi tahdidi sabab bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Xitoy hukumati davlat qishloq xo‘jalik kompaniyalariga Amerikadan fermerlik mahsulotlarini sotib olishni to‘xtatishni buyurgach, AQSh va Xitoy yana savdo urushi yoqasida qoldi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Bloomberg yozmoqda.

Shuningdek, xususiy kompaniyalarga ham AQShdan mahsulot sotib olishni to‘xtatish tavsiya etilgan. Bunga AQShning Hongkongdagi vaziyat sababli Xitoyga nisbatan sanksiyalar kiritish to‘g‘risidagi tahdidi sabab bo‘ldi.

2020 yil boshida Vashington va Pekin 2017 yildan beri davom etib kelgan savdo urushiga nuqta qo‘ygan sulh imzoladi. Kelishuvning birinchi bosqichida Xitoy AQShdan 200 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar sotib olishi kerak edi. AQSh buning evaziga Xitoy importiga cheklov kiritmaslikka va'da bergandi.

Ammo Vashington Pekinni koronavirus tarqalishi to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumot berganlikda ayblaganidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Hongkong masalasida Xitoyga qarshi sanksiyalar tayyorlanayotganini aytganidan so‘ng munosabatlar yanada yomonlashdi.

Top