23:59 / 01.06.2020
8470

Hokimliklar deputatlar bilan kelishmasdan mahalliy budjetlarga o‘zgartishlar kiritgani aniqlandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamroyevning ta'kidlashicha, 2020 yilning birinchi choragida Hisob palatasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida mahalliy hokimliklar xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan kelishmagan holda mahalliy budjetlarga o‘zgartishlar kiritganligi aniqlangan.

Alisher Hamroyev, deputat:

– Biz o‘tgan yili birinchi marotaba davlat budjetini qonun shaklida qabul qildik. Bu esa muhim moliyaviy hujjatning maqomi va ahamiyatini oshirdi. Lekin mening fikrimcha, davlat budjetida hali ham shaffoflik, budjet intizomi hamda hisobdorlik yetarli emas. Jumladan, mahalliy hokimliklar xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan kelishmagan holda mahalliy budjetlarga o‘zgartishlar kiritganligi Hisob palatasi tomonidan aniqlangan.

Kelgusida bunday holatlarning oldini olishda mas'ul vazirlik va idoralar mas'uliyati va javobgarligini oshirish kerak. Parlament ham mazkur yo‘nalishda qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritishi lozim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining xabar berishicha, quyi palatadagi muhokamalar chog‘ida deputatlar davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yil hamda 2020 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish chog‘ida o‘z elektoratlari tomonidan joylarda ko‘tarilayotgan qator savol va takliflarni o‘rtaga tashlashgan.

Botir Mardayev, deputat:

– Hisob palatasi tomonidan 2019 yilda budjet mablag‘larining birlamchi taqsimlovchilari sohaga ajratilgan budjet mablag‘laridan qanchalik maqsadli foydalangani o‘rganilganda bir qator davlat muassasalarida mablag‘lardan budjet intizomi buzilgan holda foydalanganlik faktlari aniqlangan.

Bugun yalpi yig‘ilishda moliya vaziri oldiga ana shunday muammolar haqidagi masalani qo‘ydik. Ularning yechimi bo‘yicha fikr almashdik. Har bir vazirlik tarkibida ichki moliyaviy nazorat tizimi, ya'ni ichki Audit tashkil qilingan, buning uchun yetarli shtatlar, mablag‘ ajratilgan. Kelgusida ana shu imkoniyatlardan keng foydalanish lozim. 

Navro‘z Yusupov, deputat:

– Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalarda atroflicha ko‘rib chiqildi. Bu jarayonda hukumat vakillaridan qo‘shimcha ma'lumotlar ham oldik. Hisobotni tahlil qilish chog‘ida ayrim masalalar ham ko‘zga tashlandi. Jumladan, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan budjetga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mablag‘larning kechiktirib o‘tkazilgani ma'lum bo‘ldi.

Mazkur masala yuzasidan qo‘mita rahbariyati bilan o‘tkazilgan muhokamalar jarayonida bojxona organlari tomonidan undirilayotgan mablag‘larni avtomatik tarzda davlat budjetiga o‘tkazilishiga kelishib olindi va buni amalga oshirish uchun qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritish va maxsus elektron dastur ishlab chiqilishi lozimligi qayd etildi.

Alisher Hamroyev, deputat:

– Biz o‘tgan yili birinchi marotaba davlat budjetini qonun shaklida qabul qildik. Bu esa muhim moliyaviy hujjatning maqomi va ahamiyatini oshirdi. Lekin mening fikrimcha, davlat budjetida hali ham shaffoflik, budjet intizomi hamda hisobdorlik yetarli emas. Jumladan, mahalliy hokimliklar xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan kelishmagan holda mahalliy budjetlarga o‘zgartishlar kiritganligi Hisob palatasi tomonidan aniqlangan.

Kelgusida bunday holatlarning oldini olishda mas'ul vazirlik va idoralar mas'uliyati va javobgarligini oshirish kerak. Parlament ham mazkur yo‘nalishda qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritishi lozim.

Inomjon Qudratov, deputat:

– Oxirgi yillarda mahalliy budjetlar mustaqilligi oshirildi, respublika budjeti har bir vazirlik kesimida qabul qilindi. Parlamentga har bir vazirlik va idoralarning budjet mablag‘larini maqsadli va samarali foydalanilishi hamda erishilayotgan natijalari to‘g‘risida axborotlarini eshitish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berildi.

Shu bilan bir qatorda, hududlarga yangi maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasasi, ko‘prik qurish yoki mavjudlarini ta'mirlash kabi davlat budjetidan ajratiladigan kapital qo‘yilmalar miqdori qaysi mezonlar orqali taqsimlanayotganligi hanuzgacha mavhum bo‘lib qolmoqda. Natijada ajratilayotgan mablag‘lar u yerda yashayotgan aholi soniga ularning real talabiga mutanosib bo‘lmay qolayotgan holatlar ham mavjud.

Shundan kelib chiqib, budjet va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan obektlar qurilishini davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan tasdiqlab qo‘yilsa maqsadga mufoviq bo‘lardi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun parlamentdan qanday amaliy yordam kerak bo‘lsa – biz tayyormiz.

Firdavs Sharipov, deputat:

– Moliya sohasida olib borilayotgan islohotlar iqtisodiyotni liberallashtirish, moliya tizimini jahon standartlariga muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda. Davlat budjetining barcha jarayoni xususan, budjet tashkilotlarining hisoboti ham elektron dastur orqali amalga oshirilmoqda. Hisob palatasi ham ushbu elektron dasturlardan foydalangan holda faoliyat olib bormoqda, doimiy nazoratni amalga oshirmoqda. Elektron dasturlardan foydalanish har qanday hisobotlarni qisqa muddatlarda tayyorlash va qayta ishlash imkonini beradi.

Shunga qaramasdan, bugungi tezkor islohotlar davrida 2019 yilgi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot may oyining ikkinchi yarmida ko‘rib chiqilayapti. Bu esa fraksiyalarda, qo‘mitalarda va palata yig‘ilishida hisobotni ko‘rib chiqish jarayonida ko‘tarilgan masalalar, ko‘plab foydali takliflarni joriy yilgi budjet ijrosini ta'minlashda e'tiborga olinishiga salbiy ta'sir qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, har yili Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni hisobot yilidan keyingi yilning 25 martidan, choraklik hisobotlarni esa hisobot davridan keyingi oyning 10 sanasidan kechiktirmay Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish foydali bo‘ladi deb hisoblaymiz.

Muxtor Hojimatov, deputat:

– So‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish ko‘lami tobora kengayib bormoqda. 2017-2019 yillarda, 2010-2013 yillarga nisbatan qariyib 3,5 barobar ko‘p qurilish ishlari amalga oshirilgani fikrimiz dalilidir.

Bu qurilishlarning aksariyati budjet mablag‘lari hamda Hukumat kafolati ostida xalqaro moliyaviy insitutlardan jalb qilingan mablag‘lar hisobiga amalga oshirilmoqda. Bunda ijtimoiy obektlar ham salmoqli qismni egallaydi.

Shu bilan bir qatorda, qurilish obektlari xarajatlarida kamomad va o‘zlashtirishlar ko‘pligi aniqlanmoqda. Obektlar xalqaro standartlar va talablarga javob beradigan darajada sifatli va pishiq qurilayotganligi ham katta savol ostida qolmoqda.

Mamlakatimizda qurilishga ajratilayotgan markazlashgan investitsiya mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni ta'minlaydigan bozor munosabatlari qanchalik to‘g‘ri shakllantirilgan? Pudratchilar o‘rtasidagi tender savdolari qachon shaffof va korrupsiyadan xoli bo‘ladi? Qurilish obektlarini loyihalashtirgan, qurgan va uni qabul qilgan shaxslar javobgarligini yanada oshirish uchun qonunchilikka qanday o‘zgartirishlar kiritish lozim?

Qurilishda budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish ustidan ta'sirchan choralar ishlab chiqish zarurati mavjud.

Mavzuga oid
Top