13:16 / 03.06.2020
3108

Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qog‘oz shakldagi litsenziya berishni bekor qilish rejalashtirilmoqda

Auditorlik faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini soddalashtirish va auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qog‘oz shakldagi litsenziya berishni bekor qilish qonun loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan yangi tahrirdagi «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Parlament saytida xabar qilinishicha, xalqaro prinsip va ilg‘or tajribalar asosida auditorlik faoliyatini tartibga solishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmini yaratish, auditorlik faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini soddalashtirish va auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qog‘oz shakldagi litsenziya berishni bekor qilish qonun loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi.

Qonun loyihasini moddama-modda ko‘rib chiqish chog‘ida Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishga taqdim etilgan loyiha tahriri deputatlar o‘rtasida ko‘plab savollar keltirib chiqardi.

Xususan, malaka sertifikatini berish, auditor to‘g‘risidagi ma'lumotlar auditorlar reyestriga kiritilmagan va vakolatli organning veb-saytida joylashtirilmagan bo‘lsa, mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi, shuningdek alohida moddada bayon etilgan asosiy tushunchalar deputatlar tortishuviga olib keldi.  Ayrim deputatlar auditorlik tashkilotlari tadbirkorlik sub'yekti deb hisoblanishi yoki bunday emasligi borasidagi o‘z fikrlarini bayon qildilar.

Deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan qonun loyihasi takomilga yetkazish va Qonunchilik palatasi majlisi muhokamasiga ikkinchi o‘qishda qayta kiritish uchun qo‘mitaga qaytarildi.

Top