13:54 / 04.06.2020
9216

Joriy yil 1 million 270 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirishi kutilmoqda

Joriy yil 1 million 270 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirishi taxmin qilinmoqda. O‘tgan yili esa abituriyentlar soni 1 million 76 ming edi.

Bugun, 4 may kuni 2020/2021 o‘quv yili qabul jarayonini tashkil etish yuzasidan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev joriy yilgi qabul yangiliklari haqida ma'lumot berdi.

B. Musayevning ma'lumot berishicha, «Oliy ta'limni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»da belgilanganidek, joriy yil 25 foizdan ortiq bitiruvchini oliy ta'lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

«Bu yilgi bitiruvchilar o‘quv dasturlarini onlayn tugatishdi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishiga ta'sir ko‘rsatgan. Shularni hisobga olgan holda 2020-2021 o‘quv yilida kirish imtihonlarini soddalashtirish yuzasidan davlat rahbari tomonidan vazifalar aniq belgilab berilgan», - dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Uning qayd etishicha, joriy yil 1 million 270 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirishi taxmin qilinmoqda. O‘tgan yili esa abituriyentlar soni 1 million 76 ming edi.

«Pandemiya sharoitida kutilayotgan qiyinchiliklarni inobatga olib, qabul jarayonlari oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirishning onlayn hujjat topshirish yo‘lga qo‘yiladi. Abituriyent uydan chiqmagan holda kompyuter yoki telefon orqali hujjat topshirishi mumkin bo‘ladi. Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazi veb-sayti orqali abituriyentlarning hujjat topshirish imkoni bo‘ladi», - dedi Musayev brifingda.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top