22:36 / 05.06.2020
45669

Kunlik tuzalishlar soni bo‘yicha rekord natija qayd etildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi bugun O‘zbekistonda jami 160 nafar bemor koronavirusdan tuzalgani haqida xabar berdi.

Vazirlikning ma'lum qilishicha, bugun yana 20 nafar bemor shifo topib, bugunning o‘zida 160 nafar bemor sog‘aydi hamda kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichlari bo‘yicha rekord natija qayd etildi. 

Navoiy viloyatida 14 nafar, Samarqand viloyatida 4 nafar, Andijon viloyatida 2 nafar, jami 20 nafar bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgan.

«Bu, shubhasiz, dunyoda koronavirus pandemiyasi avj olib turgan bir paytda, yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni muvaffaqiyatli davolash borasida olib borilgan izchil chora-tadbirlarning ulkan samarasidir.

Eng muhimi, tajribali va fidoyi shifokorlarimiz matonat bilan koronavirusga qarshi kurashmoqdalar va buning natijasi – shifo topayotgan fuqarolarimizning ko‘lami, o‘lim ko‘rsatkichi esa o‘ta pastligida namoyon bo‘lmoqda», deyiladi xabarda.

Navoiyda tuzalganlarning barchasi ushbu viloyatdan (12 nafari Zarafshon shahridan, Xatirchi va Nurota tumanlaridan 1 nafardan). Ulardan 10 nafari erkak, 4 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 52 yoshda, yoshi kichigi 2 yoshda. Ushbu viloyatda endilikda sog‘ayganlar soni 110 nafarga yetdi.

Samarqandda tuzalganlarning ham barchasi ushbu viloyatdan (Jomboy, Urgut, Narpay va Pastdarg‘om tumanlaridan 1 nafardan). Ularning 3 nafari erkak, 1 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 40 yoshda, yoshi kichigi 24 yoshda. Ushbu viloyatda endilikda sog‘ayganlar 318 nafarga yetdi.

Andijon viloyatida tuzalganlarning 2 nafari ham erkak bo‘lib (50 yoshli va 32 yoshli) ushbu viloyatdan (Izboskan va Baliqchi tumanlaridan 1 nafardan). Ushbu viloyatda endilikda sog‘ayganlar soni 177 nafarga yetib, 1 nafar bemor davolanmoqda va koronavirusdan xoli hudud bo‘lishga yaqin turibdi.

Bundan avvalroq Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida jami 140 nafar bemor tuzalgani xabar qilingandi.

Shunday qilib, bugun kun davomida 160 nafar bemor tuzalib, avvalgi kunlarga nisbatan rekord qayd etildi. Endilikda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami sog‘ayganlar 3247 nafarga yetdi.
 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top