23:53 / 06.06.2020
115786

Bugun 9 hududda yangi holatlar qayd etildi

6 iyun kuni O‘zbekistonda 87ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi va 21 bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 3268 bemorga javob berilgan, 17 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 809 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun yangi holatlar 9 hududda - Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Sirdaryo, Namangan, Xorazm, Samarqand, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 87ta holatdan 62tasi karantin muassasalaridagi fuqarolar orasida, 20tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 5 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. 

Aholi orasida (+20)
Toshkent shahrida aholi orasida jami 10ta holat aniqlandi. Jumladan, Shayxontohur tumanidagi «Media Park» savdo majmuasining yana 2 nafar xodimida ham koronavirus qayd etilgan.

Xorazm viloyatida aholi orasida 3ta holat tasdiqlandi va ushbu viloyat yana koronavirusli hududga aylandi. 4 iyun kuni Xorazmda birato‘la 14 kishida virus aniqlangani va viloyatga koronavirus qaytgani haqida xabarlar tarqalgan, Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ma'lumotga izoh berib, kasallanish holatlari tasdiqlanishi uchun yana tekshiruvlar o‘tkazilishi kerakligini ma'lum qilgandi.

Namangan viloyatida aholi orasida 6 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Namanganda yangi holatlar aniqlanmayotgan va viloyat koronavirusdan xoli hududga aylanishga yaqin kelgandi. Ammo 5 iyun kunidan aholi orasida yangi holatlar aniqlana boshladi.

Qashqadaryo viloyatida ishlovchi 1 qozog‘istonlikda ham virus aniqlangan. Viloyatda davolanishdagi bemorlar soni 5 nafarga yetgan.

Haydovchilar (+5)
Bugungi holatlarning barchasi Toshkent viloyatida aniqlangan - Rossiyadan chegara post orqali O‘zbekistonga kirib kelgan 5 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchida virus chiqqan.

Karantin (+62)
Navoiy viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib karantinga olingan 5 kishida virus aniqlangan. Viloyatda jami holatlar soni 224taga yetdi, shundan 110 kishi sog‘ayib chiqqan.

Samarqand viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan va karantinga olingan fuqarolardan 3 nafarida virus aniqlangan. Viloyatda jami holatlar soni 378taga yetgan, shundan 318 kishi sog‘ayib chiqqan.

Andijon viloyatida karantinga olingan 1 kishida va Qirg‘izistondan kelgan 2 kishida virus aniqlangan. Ushbu viloyat ham koronavirusdan xoli bo‘lishga yaqin qolgandi va shifoxonada bir bemor qolgandi, ammo bugungi holatlardan keyin davolanishdagi bemorlar soni 4 nafarga yetdi.

Sirdaryoda ham virus aniqlanishi davom etmoqda - bugun koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlardan 4 nafarida virus aniqlangan.

Toshkent viloyatida karantin markazidagilardan 47 nafarida virusdan zararlanish holati qayd etilgan.

Tuzalganlar
Bugun Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 21 nafar fuqaro sog‘ayib chiqishdi.


Hozirda kasallik qayd etilgan jami 4094 nafar bemordan 3268 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 79 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 809 nafar bemordan 10 nafari og‘ir, 3 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Shu kungacha jami 438 602 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ularning 394 310 nafari karantindan chiqarilgan. 

Hozirda mamlakatimizda uy karantinida 23 313 nafar, statsionar karantinda esa 20 979 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top