11:27 / 06.06.2020
9140

Davlat bojxona qo‘mitasiga qo‘shimcha vazifalar yuklandi

Prezident «Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, qo‘mitaga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

bojxona nazorati shakli sifatida tovarlar chiqarib yuborilgandan keyin TIF ishtirokchisi faoliyatini baholash hamda ularning tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan keyingi hisobini tekshirishni nazarda tutuvchi bojxona auditini amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlarining TIFni notarif tartibga solish choralarini qo‘llash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

tovarlar importi va eksporti tuzilmasi hamda dinamikasining chuqur holatiy tahlilini, shuningdek, import hajmi ham jismoniy, ham qiymatiy o‘sishining sabablari tahlilini amalga oshirish;

ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari bo‘yicha manfaatdor idoralar bilan hamkorlik o‘rnatish.

Bojxona organlariga quyidagi huquqlar berildi:

tovar va transport vositalari ustidan ular saqlanadigan va sotiladigan joylarga chiqqan holda, bojxona auditini amalga oshirish;

olib kiriladigan va (yoki) olib chiqiladigan tovarlar va transport vositalari hisobi, jumladan, buxgalterlik hisobi va hisoboti hujjatlari, shuningdek, dastlabki hujjatlar yuritilishi ustidan tekshiruvni amalga oshirish.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tuzilmasida umumiy shtat birliklari doirasida:

Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi etib;

Bojxona ekspertizasi va tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi Tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi boshqarmasi etib qayta tashkil etildi va qo‘shimcha vazifalar yuklandi.

Mavzuga oid
Top