12:22 / 06.06.2020
5557

Soliq xizmatlarini yagona portal orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi

Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz portalida orqali 20ta interaktiv, 25ta axborot xizmatlaridan foydalanish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn rejimida to‘lash mumkin.

Portalda jismoniy va yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun alohida “shaxsiy kabinet” ochilgan bo‘lib, ularga taalluqli xizmatlar maxsus bo‘limlarga joylashtirilgan. Portal orqali soliqlarni mustaqil ravishda hisoblab chiqarish, hisobot va soliq deklaratsiyalari, murojaatlarni yuborish mumkin.

Yuridik shaxslar soliq to‘lovlarini amalga oshirayotganda to‘lov topshiriqnomaning raqami va summasidan boshqa barcha ma'lumotlar Davlat soliq qo‘mitasining bazasida avtomatik tarzda shakllanadi. Shundan so‘ng soliq to‘lovchi soliq turini tanlashi va to‘lov summasini ko‘rsatishi kerak. «To‘lash» tugmasi jarayonga yakun yasaydi. Korxonaning elektron to‘lov topshiriqnomasi Davlat soliq qo‘mitasi bazasiga kelib tushadi va o‘sha paytning o‘zida Markaziy bankka yetkaziladi. To‘lov topshiriqnoma Markaziy bank orqali tijorat banklariga yuboriladi va to‘lov amalga oshirilib, soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkasiga qayd etiladi. Bularning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, avtomatik tarzda amalga oshadi. Agar hisob-raqamda pul miqdori yetarli bo‘lmasa, to‘lov topshiriqnomasi

2-sonli kartotekaga joylashtirilib, bu haqda Davlat soliq qo‘mitasiga elektron xabarnoma yuboriladi. Bu bilan soliq inspektori tomonidan soliq to‘lovchining hisob raqamiga inkasso topshiriqnomalari qo‘yilishining oldini oladi.

Jismoniy shaxslar ham portal yordamida daromad solig‘i, yer va mol-mulk soliqlari summalarini aniqlashi va to‘lashi mumkin. “Jismoniy shaxsning soliqlari bo‘yicha maslahatchi“ bo‘limi ularni soliq sohasida qabul qilingan me'yoriy hujjatlarga oid ma'lumotlar, yangiliklar bilan tanishtirib boradi.

Soliq to‘lovchilar soliq qarzi mavjud emasligi haqidagi ma'lumotnomaga ega bo‘lish uchun davlat soliq xizmati organlariga borishi shart emas, bu hujjatni aynan mana shu portaldan olish mumkin.

Portalda 14 turdagi elektron ma'lumotnomani mustaqil ravishda shakllantirib, chop etib olsa bo‘ladi. Ular o‘zining unikal raqamiga ega bo‘lib, korxona va tashkilotlarga taqdim etilganda soliq organlarining ma'lumotlar bazasidan haqiqiyligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekshirib olish imkoniyati mavjud.

my.soliq.uz’dagi barcha interfaol xizmatlar “SOLIQ” mobil ilovasida ham jamlangan. Mobil ilova GooglePlay’da joylashtirilgan. Uni yuklab olish uchun Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy saytidagi havoladan foydalanish mumkin.

Top