18:13 / 08.06.2020
50308

Korzinka.uz tarixi va chakana savdo sirlari. Zafar Hoshimov bilan katta suhbat

Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov biznes, ilk do‘konining ochilishi va chakana savdoda muvaffaqiyat sirlari haqida gapirib berdi. U Kun.uz'ga bergan intervyusida 20 yildan ortiq vaqt davomida savdo sohasida kuzatganlari bilan o‘rtoqlashgan.

Xususan, Zafar Hoshimov biznesga kirib kelishi tasodif bo‘lganini aytadi. U universitetda tahsil olgandan so‘ng, ilmiy izlanishni maqsad qilgani, keyinchalik rejalari o‘zgarib chakana savdoga kirib kelishi haqida so‘zlab bergan.

«92 yillarga kelib, o‘zgarishlar ko‘p bo‘ldi. Yosh oilali odamman, tirikchilik mas'uliyati paydo bo‘ldi. Shunday qilib, biznes qila boshladim. Bir-ikki yil ishlaganimdan so‘ng, otamning «biznes ham ilm, uni ham o‘rgan», degan maslahati bilan Angliyaga borib o‘qidim. O‘qishni 94 yili bitirib kelib, oziq-ovqat mahsulotlarni tarqatish ishi bilan shug‘ullana boshladim. Masalan, shakar, o‘simlik yog‘i, Qozog‘istondan un, Unilever kompaniyasi mahsulotlarini olib kelib, savdo qila boshladim.

Sovet tizimidagi markazlashgan taqsimot qulagandan so‘ng, an'anaviy do‘konlar yangi bozor iqtisodiyotiga tez moslasha olmadi. Shuning uchun, butun chakana savdo bozorlarga chiqib ketdi. Toshkent shahrida Otchopar, Askiya va boshqa bozorlarda nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, balki hamma narsa savdo qilinadigan nuqtaga aylandi. Mening tushunchamda, bu o‘tish davri, keyinchalik hamma chakana savdo rivojlanadi, deb o‘ylardim. Shu xayollar bilan mahallalarda qolgan do‘konlarga tovar yetkazib berib, ishlay boshladim.

Shu paytda xususiylashtirish ishi shunday bo‘ldiki, do‘kon aktivlarini aynan shu do‘kon jamoa a'zolari xususiylashtirib olishi kerak edi. Tizim shunday bo‘ldiki, jamoa xususiylashtirish o‘rniga, do‘kon mudiri xususiylashtirib oldi. Masalan, mudir va uning oila a'zolari 90-97 foiz aktivlarga egalik qilib, 1-2 foizi jamoaning boshqa a'zolariga tegishli bo‘lgan. Do‘kon mudiri u paytda so‘zi o‘tkir odam bo‘lgan. Jamoa orasida bu narsa mulk sifatida adolatli taqsimlanmagan.

Sovet savdo tizimida ishlagan odamlar faqat bazadan tovar olib kelib, sotishni bilardi. Kim rejani bajarsa, uddaburon bo‘lsa, mukofot olardi. Endi bularning barchasi to‘xtadi. Ular endi xususiy tadbirkor sifatida chakana savdoni yuritishi kerak. Lekin eski formatsiyaning odamlari bo‘lgani tufayli, yangilikka tez moslashib ketmagan. Masalan, mahsulot topshirib ketsak, qarzga ber, deydi. Aylanma mablag‘lari bo‘lmay, ertasiga kelsangiz, mahsulot sotilgan-u, pulini «soliqchi olib ketdi», «qizimning to‘yi edi», deydi. Chakana savdoda mol tarqatuvchi bo‘lib, rosa qiynaldim.

Chakana savdoning imkoniyatlarini tushunmayapti, deya 96 yilda amaldagi Angelsey Food korxonasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdik», – dedi u.

Tadbirkor supermarketlar tarmog‘i o‘tgan davr ichida bozorda mustahkam o‘rin egallashi, naqdsiz va onlayn savdodagi tajribasini eslab, hayotiy voqealarni gapirib bergan. Shuningdek, u marketlar qurilishida madaniyatlarning farqi, qiyinchilik va reklamadan foydalanish tajribasini eslagan.

Zafar Hoshimovga ko‘ra, valutaning o‘zbek so‘miga erkin konvertatsiyasi bo‘lmagan paytlarda chakana savdosining muammolari birmuncha farqli edi. Bundan tashqari, suhbat davomida tadbirkor ko‘p muhokamaga sabab bo‘ladigan riteyl va ishlab chiqaruvchi munosabatlariga izoh berdi.

Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi Otaxon Yusupov

Top