16:45 / 15.06.2020
9558

«Koronavirusga qarshi foydalanish uchun 30ga yaqin preparat sinovga yuborilgan» – Otabekov

Koronavirusga qarshi foydalanish uchun o‘zbekistonlik olimlar tomonidan yuborilgan 30ga yaqin preparat Xitoyning Shanxay shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqida Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma'lum qildi.

«Koronavirusga qarshi preparatlar yaratishda o‘zbek olimlari izlanishdan to‘xtagani yo‘q. 30ga yaqin preparat Xitoyning Shanxay shahriga sinov uchun yuborilgan.

Respublika Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan yaratilgan grippga qarshi «Rutan» dori vositasi xitoylik olimlar tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijasida SARS CoV-2 tipidagi gripp virusining 78,3 foizga ta'sirini susaytirish xususiyatini namoyon qilgan», dedi Otabekov 15 iyun kuni o‘tkazilgan brifingda. 

Brifing davomida Qozog‘istonda koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarilyotgan haqidagi gaplarga izoh berildi.

«Qozog‘istonning Jambul viloyatida vaksina ishlab chiqaradigan biofarmatsevtika zavodi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Zavod xalqaro ishlab chiqarish amaliyotiga (GMP) muvofiq immunobiologik dori-darmonlarni, shu jumladan, koronavirus infeksiyasiga qarshi emlovchi vositalarni ishlab chiqaradi.

Hozirgi vaqtda Qozog‘iston ilmiy-tadqiqot institutining Covid-19’ga qarshi vaksinasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ro‘yxatiga kiritilgan va klinik sinovlardan o‘tmoqda degan ba'zi ma'lumotlar mavjud, lekin hali ishlab chiqarish boshlangani yo‘q», deya ta'kidladi Bosh inspektor.

Tadbirda koronavirusga laboratoriya tekshiruv tahlillari chiqqunga qadar qaysi dorilar bilan davolanish mumkinligi haqidagi savolga javob berildi.

«Qaysi kasallik bo‘lishidan qat'i nazar o‘zboshimchalik bilan davolanish mumkin emas. Kasallikni laboratoriya tahlillari natijasi asosida, faqat shifokor tavsiyasiga qarab davolanish kerak», dedi u.

Shuningdek, hozirgi kunda sanatoriylar faoliyatiga ruxsat etilgani, sanatoriyga yotishdan oldin koronavirusga tekshirtirish shartligi, xususiy DPMlarda ham test topshirish mumkinligi haqida ma'lum qilindi.

«Ha, bo‘ladi. Tahlillarni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasiga PZR usulida tekshirishga ruxsat etilgan xususiy laboratoriyalarda topshirish mumkin. Bunda nodavlat tibbiyot muassasasiga telefon orqali murojaat etiladi, so‘ngra ular maxsus avtotransportlarda borib, tegishli namunalarni oladi va tahlillarni o‘z laboratoriyalarida o‘tkazadi. Tashkilot xodimlari yoki fuqarolar tahlilga namuna topshirish uchun bevosita nodavlat tibbiyot muassasasiga kelishiga ruxsat etilmaydi», deydi u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top