16:11 / 15.06.2020
8370

Xorazmda qalbaki valutafurushlik bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh a'zolari qo‘lga olindi

11 iyun kuni Xiva shahrida yashovchi fuqaro Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, o‘ziga oldindan notanish bo‘lgan shaxslardan 11 mln so‘m evaziga ming yevro ayirboshlab olganini, lekin keyinchalik bu xorijiy valutalarning qalbakiligini bilib, pullarini qaytib olishida yordam so‘ragan.

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, murojaat yuzasidan zudlik bilan boshqarmaning Jinoyat-qidiruv boshqarmasi tomonidan choralar ko‘rilgan: Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro B.M. boshqaruvidagi Neksiya avtomashinasi Gurlan tumanida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, mashina salonida 3 500 yevro va 50 AQSh dollari miqdoridagi xorijiy valutalar va 16 490 000 so‘m miqdoridagi milliy valuta borligi aniqlangan.

«O‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, avtomashina salonidan olingan xorijiy valutalar qalbaki ekani ma'lum bo‘ldi. Shuningdek B.M. Urganch shaxrida yashovchi yana bir fuqaroga 5 490 000 so‘m evaziga 500 qalbaki yevroni o‘tkazganiga dastlabki surishtiruvlar jarayonida aniqlik kiritildi.

Qalbaki xorijiy valutalarni muomalaga kiritishga uringan jinoiy guruh a'zolarining qilmishini to‘liq fosh etish maqsadida, Xorazm viloyati IIB va IIV Jinoyat-qidiruv bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida nazorat tartibida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Toshkent shahrida yashovchi yana bir nafar gumondor fuqaroning uyida o‘tkazilgan tintuv vaqtida qalbaki 200 dollarni muomalaga kiritish maqsadida saqlab qo‘ygani aniqlandi va u ham qo‘lga olindi», – deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Tergovni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Xorazm viloyati boshqarmasi olib bormoqda.

 

Mavzuga oid
Top